AQSh respublikachilari “eng qattiq” sanksiyalarni taklif qilmoqda

  • 12:48 / 11.06.2020
  • 684

AQSh Kongressi respublikachilari quyidagicha takliflar kiritishmoqda: Rossiyani terrorizm homiysi sifatida e’lon qilishga arziydi, Xitoy siyosiy byurosi a’zolari va Eron iqtisodining hamma sektorlariga qarshi sanksiya kiritish kerak.  

AQSh Kongressi vakillar palatasi respublikachilari Rossiya, Xitoy va Eronga nisbatan misli ko‘rilmagan darajada qattiq sanksiyalar joriy etishni taklif qilishdi. Bu takliflar 10-iyun kuni e’lon qilingan “Amerikani mustahkamlash va global tahdidlarga qarshi kurashish” hisobotida aks etgan. Tarkibida 150 nafarga yaqin kongressmen mavjud nufuzli partiya tomonidan tayyorlangan hisobotga ko‘ra, Rossiya, Xitoy va Eron “Amerikaning eng tajovuzkor raqiblari” hisoblanadi. Ularga qarshi “Kongress tarixida ko‘rilmagan eng qattiq sanksiyalar”ni qo‘llash taklif etilmoqda. Xususan, hisobotda Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida e’tirof etish, neft-gaz loyihalariga, suveren qarzlariga va Rossiya nazoratidagi chet elda yurgan shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash lozimligi aytilgan. Bundan tashqari, hukumatni chetlab o‘tgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya xalqiga murojaat qilish va demokratiyaga erishishlari uchun ularni qo‘llab-quvvatlash strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.  

Hisobotda uyg‘urlarni ta’qib qilayotganlari va Gonkongdagi norozilik namoyishlarini bostirganligi tufayli Xitoy Kommunistik partiyasi rahbariyatiga qarshi sanksiya kiritish taklif qilinadi. Hisobot mualliflarining fikricha, maqsadli sanksiyalar keng ko‘lamli bojxona choralariga qaraganda samaraliroq bo‘ladi. Eron masalasida esa, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlariga, shuningdek, Eron mintaqaviy tizimlariga, xususan, mamlakat tashqarisidagi Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan jangari guruhlarga  nisbatan sanksiyalarni joriy etish taklif qilinmoqda.   
 
Taklif etilgan sanksiyalar Kongress qonun loyihasiga kiritilmagan va faqat tavsiya vazifasini o‘tagan.