AQSh Senati Trampning Eronga harbiy harakatlarini chekladi

  • 14:00 / 14.02.2020
  • 219

13-fevral kuni AQSh Senati Donald Trampning Eronga uyushtiradigan harbiy harakatlarini cheklash haqida rezolyutsiya qabul qildi. Rezolyutsiyaga ko‘ra, prezident faqat Kongress ruxsati bilangina Eronga qarshi biror harbiy harakat sodir etishi mumkin. Mamlakatga kutilmagan tahdid yuzaga kelgan holatda bunga istisno qilinadi.

Senatning bu keskin qarori Tramp buyrug‘i bilan Eron generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgach, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yomonlashuviga reaksiya tarzida qabul qilindi.
Kecha bu rezolyutsiyani 100 senatordan 55 tasi qo‘llab-quvvatladi. Ular orasida sakkiz nafar respublikachilar partiyasi vakillari ham bor. Trampning o‘zi avvalroq bu cheklovni xavfli deb baholagandi. Biroq Senat uning fikrini inobatga olmadi. 
“Bizning Eron bilan aloqalarimiz juda yaxshi rivojlanmoqda, hozir kuchsizligimizni ko‘rsatish vaqti emas”, deb yozgandi Oq uy rahbari o‘zining Twitter’dagi sahifasida.
AQSh qonunlariga ko‘ra, Donald Tramp Senat qaroriga veto e’lon qilishi mumkin. Faqat buning uchun Kongressning har ikki palatasidan uchdan ikki qismi uni qo‘llab-quvvatlashi kerak.