AQSh Xitoy mahsulotlariga bojlar oshirilishini kechiktirdi

  • 10:23 / 12.09.2019
  • 65

Foto: EPA-EFE/ANDREW GOMBERT

AQSh rahbariyati Pekin iltimosi bilan Xitoyning 250 mlrd. dollarlik mahsulotlariga bojlar qiymatini 25 foizdan 30 foizgacha oshirishni 2 haftaga kechiktirdi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp twitterda maʼlum qildi.

“Xitoy davlat kengashi bosh vazir oʻrinbosari Lyu Xe iltimosi va 1-oktyabrda Xitoy tashkil topganining 70 yilligini nishonlashi tufayli biz yaxshi niyat tarzida 250 mlrd. dollarlik mahsulotlarga bojlarning 25 foizdan 30 foizgacha oshirilishini 1-oktyabrdan 15-oktyabrga koʻchirishga rozi boʻldik”, deb yozgan Tramp.

AQSh 1-sentyabrda Xitoyning 112 mlrd. dollarlik mahsulotlariga 15 foizlik qoʻshimcha bojlar kiritgandi. Tramp bunga sabablardan biri sifatida Xitoy tomonidan AQSh qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish vaʼdasi bajarilmaganini keltirgan. Xitoy bunga javoban AQShning 75 mlrd. dollarlik mahsulotlariga 10 foizlik boj kiritgan. 

Avvalroq Xitoy hukumati savdo urushini yakunlash boʻyicha muzokaralarning yangi raundi oldidan AQShdan 16 mahsulotga bojlar bekor qilinishini maʼlum qildi. Bu savdo urushiga barham berish uchun Xitoy tomonidan qabul qilingan ilk shunday qarordir. Jumladan, Xitoy dori-darmon, hayvonlar ozuqasi va boshqa mahsulotlarga 25 foizlik bojlarni bekor qilgan. Shu bilan birga AQSh importining muhim tovarlari hisoblangan soya va dukkakli mahsulotarga bojlar bekor qilinmagan.

Teglar