AQShdagi tartibsizliklar: Tramp o‘z oilasi bilan yerosti bunkeriga yashiringan

  • 15:07 / 01.06.2020
  • 1393

AQSh Prezidenti Donald Tramp 29-maydan 30-mayga o‘tar kechasi Oq uy oldidagi tartibsizliklar paytida Vashington markazidagi yer osti bunkeriga yashirinishga majbur bo‘lgan. Bu haqda bugun, 1-iyun kuni Euro News nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu qaror ommaviy tartibsizliklar paytida qabul qilingan. Tramp, mamlakat birinchi xonimi va ularning o‘g‘li evakuatsiya qilinib, bunkerga joylashtirilgan.

Biroz vaqt o‘tgach, Donald Tramp o‘zining Twitter’dagi sahifasida ANTIFA va uning ko‘plab a’zolarini tartibsizliklar tashkillashtirish va ishtirok etishda gumon qilib, “terroristik tashkilot” deb e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Minnesota shtatida qora tanli erkak politsiya qo‘lida halok bo‘lishi ketidan boshlangan namoyishlar AQShning kamida 30 shahriga tarqalib, poytaxt Vashingtonda ham tartibsizliklar bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik. Namoyishlar bir hafta oldin Minneapolis politsiyasi do‘kon hisobchisi tomonidan chaqirilib, afro-amerikalik erkak Jorj Floydni hibsga olganida boshlangandi. Xabarlarga ko‘ra, u soxta banknot bilan to‘lashga uringan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari uni kishanlab qo‘ygan. Floyd qarshilik ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, unga qarshi kuch ishlatishgan va oxir-oqibat u vafot etgan.