AQShning yangi elchisi O‘zbekistondagi asosiy vazifalarini sanadi

  • 14:10 / 11.07.2019
  • 261

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

9 iyul kuni AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum mamlakat ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuv tashkil etdi. Uchrashuv davomida o‘zining elchilik lavozimida bajarishni rejalashtrigan asosiy vazifalari haqida to‘xtalish bilan birga, jurnalistlarning ikki tomonlama munosabatlarga oid ko‘plab savollariga javob berdi.

- Avvalambor, shuni aytib o‘tishim kerakki, O‘zbekistonda ulkan o‘zgarishlar, rivojlanishlar bo‘layotgan bir davrda elchilik lavozimiga tayinlanganimdan mamnunman. Hozirgi kunda O‘zbekiston hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar men bilgan davrdan buyon eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan, deb aytishim mumkin.

Elchi sifatidagi asosiy vazifalarim beshta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Ular ahamiyatiga ko‘ra quyidagi tartibda keltirilishi mumkin:

Birinchidan, O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash. Bu nafaqat Afg‘onistondagi vaziyatni izga solishni, balki ekstremizmga barham berish, transmilliy jinoyatlarga chek qo‘yish, narkotik savdosining oldini olish va shu kabi boshqa muhim masalalarni ham o‘z ichiga oladi. O‘rni kelganda aytishim mumkinki, shu haftada O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrif buyuradi va Vashingtonda yuqori lavozimdagi davlat amaldorlari, xususan, mudofaa vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Mark Esper bilan uchrashadi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning iqtisodiy, siyosiy hamda ijtimoiy sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlash. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan rivojlanish dasturi o‘zini oqlamoqda. Buni boshqa davlatlar qatori xalqaro tashkilotlar, Amerika Qo‘shma Shtatlari ham e'tirof etmoqda. AQSh bir qancha sohalarda, jumladan, sud-huquq sohasida, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalarida yetarlicha tajriba ega mamlakat sifatida O‘zbekistonga yordam berishga tayyor.

Uchinchidan, inson huquqlari muhofaza qilinishiga e'tibor qaratish. Biz so‘z erkinligi, vijdon erkinligi hamda fuqarolik jamiyati shakllanishida fikrlar xilma-xilligi ta'minlanishga ko‘maklashamiz. Bu AQSh tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardandir. O‘zbekistonning inson huquqlarini ta'minlash, xususan, majburiy mehnatga barham berish va vijdon erkinligini muhofaza etishdagi sa'y-harakatlari tahsinga sazovor. Ayni masalada, ya'ni vijdon erkinligi kafolatlari mavzusida keyingi hafta Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan vazirlar darajasidagi yig‘ilishda O‘zbekistonning ham katta delegatsiya bilan ishtirok etishi, bu boradagi yana bir ulkan qadamlardan deb ayta olaman.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish. Bu ta'lim, madaniyat va ilmiy sohalardagi munosabatlarni yaxshilashga, aloqalar mustahkamlanishiga yordam beradi.

Beshinchidan, Amerika kompaniyalariga O‘zbekiston bozoriga kirish, o‘z mahsulotlari va xizmatlarini taklif etishlariga ko‘maklashish hamda samarali investitsiyalar kiritishiga hissa qo‘shish. O‘zbekistonda iqtisodiy jihatdan rivojlanish avj olgan bir paytda, mahalliy kompaniyalar qatori xorijiy investorlarga ham ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan. Shunday ekan, biz ularni qo‘llab-quvvatlashimiz, imkoniyatlar yaratib berishimiz lozim.

AQSh elchisi bilan 2 soatdan ortiq vaqt davom etgan uchrashuvda, ikki davlat o‘rtasida vizasiz rejim joriy qilinishi ehtimoli, Qo‘shma Shtatlar Prezidentining O‘zbekistonga tashrif buyurish yoki buyurmaslik masalasi, O‘zbekiston paxtasiga boykot bekor qilinishi va boshqa mavzular yuzasidan fikr almashildi.