Arzon uy-joylar qurishni muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etildi

  • 13:00 / 14.05.2019
  • 95

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining 12ta shtat birligini qo‘shimcha ajratgan holda Arzon uy-joylar qurish davlat maqsadli dasturlarini muvofiqlashtirish va moliya bozori vositalarini rivojlantirish boshqarmasi ta'sis etildi.

Farmonga muvofiq quyidagilar Arzon uy-joylar qurish davlat maqsadli dasturlarini muvofiqlashtirish va moliya bozori vositalarini rivojlantirish boshqarmasining  asosiy vazifalari etib belgilandi:

maqsadli dasturlar ijrosi samaradorligini tahlil qilish va monitoringida ishtirok etish, ular bo‘yicha yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish;

maqsadli dasturlarni amalga oshirish tadbirlarini moliyalashtirishni ta'minlash, ipoteka krediti bozorini rivojlantirishga XMI va XHMT mablag‘larini jalb etishda ishtirok etish;

moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda qimmatli qog‘ozlarni va moliyaviy vositalarni tartibga solish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, ilg‘or jahon tajribasini va korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini inobatga olgan holda takliflar tayyorlash;

maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, belgilangan tartib-taomillar va qo‘llanilayotgan mexanizmlar to‘g‘risida jamoatchilikni keng xabardor qilishni tashkil etish.