Asabiylashmasdan yashay desangiz…

  • 15:40 / 23.09.2021
  • 229

Hayot surʼati kundan-kunga tezlashib bormoqda, shuning uchun ham bugungi kunda insonlarda psixo-emotsional stressning kuchayishi ham ajablanarli hol emas. Bugungi kunda muntazam ravishda asabiylashish baʼzilarimiz uchun odatiy holga aylangan! Albatta bu ruhiy salomatligimiz haqida oʻylash uchun jiddiy sababdir. Biz quyida oʻzingiz va yaqinlaringizga gʻamxoʻrlik qilishning eng oson usullarini eʼtiboringizga havola etamiz.

Quyoshda toblaning

D vitaminining yetishmasligi nafaqat suyaklarning moʻrtligiga, balki koʻkrak bezi saratoniga, ayrim autoimmun kasalliklarning rivojlanishiga, viruslarga chidamliligining pasayishiga va depressiyaga olib keladi. Shuning uchun ham kunduzgi 11 gacha boʻlgan vaqtda quyoshli kunlarni gʻanimat bilib, sayr qilishni kanda qilmang.

Koʻp qahva ichmang

Haddan ziyod koʻp qahva isteʼmol qilish ham behuda asabiylashishga olib keladi. Biz sizga sevimli ichimligingizni butunlay tark eting demoqchimasmiz. Chunki bu kabi keskin voz kechishlar ham ruhiyatning buzilishiga olib kelishi mumkin. Baʼzi ilmiy tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, qahva maʼlum miqdorda depressiyadan himoya qiladi. Bularning barchasi qahva tarkibidagi kofeinning miya faoliyatiga qanchalik taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq.

Uyqu rejimiga amal qiling

Uyqu barcha tana tizimlarining normal ishlashi uchun zarurdir. Uzoq muddatli uyqusizlik esa ruhiyat bilan bogʻliq jiddiy kasalliklarga debochadir. Uyqu rejimiga rioya qilishga harakat qiling. Uyquga yotishdan avval gadjet yoki kompyuter oldida oʻtirish oʻrniga, toza havoda sayr qiling yoki issiq vanna qabul qiling.

Oʻzingizga vaqt ajrating

Yaxshi odamlar bilan suhbatlashing, biror-bir uy hayvonini parvarishlang, sevimli musiqangizni tinglang va raqsga tushing. Doimiy ishlardan ortib, sevimli mashgʻulotingizga vaqt ajrating. Hayotdan sizni baxtli qiladigan narsani qidiring. Bularning barchasi organizmingizda stressni boshqarishga yordam beradigan endorfin gormonlari miqdorini oshiradi.

Keraksiz rishtalarni uzing

Nega har kuni sizni tushunmaydigan, sizni xafa qiladigan, sevmaydigan, bir soʻz bilan aytganda, ruhiy tushkunlikka olib keladigan inson bilan ixtiyoriy ravishda muloqot qilasiz? Kelajagingiz uchun qatʼiy qarorni oʻzingiz qabul qiling va kech boʻlmasdan bu munosabatni uzing.

Yoqimli munosabatlarga yoʻl oching

Doʻstlar – biz tanlagan oila. Sizning tanlagan doʻstlaringiz tabiiyki kayfiyatingizga ham taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Shunday ekan, atrofingizda yangi doʻstlarni koʻpaytirish barobarida, yaxshi doʻst tanlashda ham adashmang.

Psixolog huzuriga borishdan uyalmang

Ehtimol siz juda aqllidirsiz, ammo bitta kalla yaxshi, ikkita boʻlsa yanada yaxshi. Siz mutaxassisdan nafaqat psixologik maslahat olishingiz, balki ruhiy salomatligingiz uchun zarur boʻlgan dori-darmonlarni ham olishingiz mumkin, bu sizdagi stressni yengish jarayonlarini sezilarli darajada tezlashtiradi. Shunday ekan, psixolog yoki psixoterapevt huzuriga tashrif buyurishdan sira choʻchimang.