Atamboyevga umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin

  • 17:21 / 13.08.2019
  • 282

Foto: RIA Novosti

Qotillik va boshqa o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblangan sobiq Qirgʻiziston prezidenti Almazbek Atamboyev umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, deya xabar beradi RIA Novosti.

Seshanba kuni Bosh prokuratura matbuot kotibi sobiq prezident Almazbek Atamboyevga ommaviy tartibsizliklar, qotillikka urinish, garovga olish va hokimiyat vakiliga nisbatan kuch ishlatish kabi bir qator jiddiy jinoyatlar haqida xabar berdi. Maxsus xizmatga ko‘ra, sobiq prezident davlat to‘ntarishini tayyorlagan.

“Atamboyevga juda koʻp jiddiy moddalar qo‘yilganini va u umrbod qamoq jazosiga tayinlanishi mumkinligini tushunish uchun advokat boʻlish shart emas”, deydi inson huquqlari himoyachisi Rita Karasartova.

Uning soʻzlariga koʻra, u hali Atamboyevga qarshi qoʻyilgan yangi ayblovlarni aniq baholashga tayyor emas. Birinchi galda ularning qanchalik to‘g‘riligini tergov va sud orqali isbotlashi kerak. “Biroq, biz hammamiz hozirda hokimiyat va Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi shunchaki “vintlarni mahkamlab chiqayotganini” ko‘rib turibmiz. Telekanallarni yopishyapti, toʻqnashuv sodir boʻlgan Qo‘y-Tosh qishlogʻida yashaydigan odamlarni hibsga olishyapti. Bularning barchasini Atamboyev prezidentlik davridayoq boshlagan. Hozir u oʻz siyosati hosilini yig‘ib olyapti, xolos”.

7-avgust kuni Qirgʻiziston hukumati sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni poytaxtdan 20 kilometr uzoqlikdagi Qo‘y -Tosh qishlogʻida joylashgan qarorgohida hibsga olish operatsiyasini boshladi. Ular sobiq davlat rahbari tarafdorlariga qarshi maxsus vositalarni qo‘llashdi. Bunga javoban Atamboyevning tarafdorlari ham ularga qarata o‘t ochishdi. Sobiq prezidentni qoʻlga olisholmadi. Atamboyevning tarafdorlari maxsus kuchlarning oltita jangchisini asirga oldi. Ertasi kuni sobiq prezidentning oʻzi taslim boʻlishiga qaramasdan, tarafdorlar va qurolli kuchlar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar takrorlanib, ertalabgacha davom etdi. Sogʻliqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga koʻra, maxsus operatsiya natijasida 136 kishi jarohatlangan. Shuningdek, harbiylardan biri halok boʻlgan.

Qirgʻiziston sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Atamboyev 2017-yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng vorisi va eng yaqin hamkori Sooronbay Jeenbekovga hokimiyatni topshirgandi. Biroq koʻp oʻtmay sobiq davlat rahbari jamoasi a’zolariga qarshi jinoiy ish ochildi. Atamboyevning oʻzi esa sobiq prezident maqomidan mahrum boʻlib, bir qator jinoyatlarda gumon qilinmoqda. U sheriklariga qo‘yilayotgan barcha ayblovlar siyosiy ahamiyatga ega ekanini qayta-qayta ta’kidlab o‘tgan.

Teglar