“Atletiko” prezidenti Grizmanni sotib olish mumkinligi haqida: “Biz hech narsani istisno qilmaymiz”

  • 10:21 / 31.07.2021
  • 119

Madridning “Atletiko” klubi prezidenti Enrike Sereso hozirda Kataloniyaning “Barselona” klubida toʻp tepayotgan 30 yoshli fransuz hujumchisi Antuan Grizmanning “matraschilar” tarkibiga qaytishi mumkinligi haqida gapirdi.

“Biz hech narsani istisno qilmaymiz, faqat aytishimiz mumkinki, Grizman bilan shartnoma imzolash oson ish emas. Bu murakkab jarayon”,- deya taʼkidlagan Enrike Sereso.

Avvalroq, klublar fransiyalik futbolchini yarim himoyachi Saul Niguesga almashtirish borasida muzokara olib borayotgani haqida xabar berilgandi. Keyinchalik, tomonlar bitim boʻyicha kelisha olmasligi maʼlum boʻldi.

Maʼlumot oʻrnida, Grizman 2014-yildan 2019-yilgacha “Atletiko” sharafini himoya qilgan. Bu vaqt mobaynida futbolchi 257 oʻyin oʻtkazib, 133 gol, 50 assistga mualliflik qilgan.