Avgust oyidan o‘zbek-xitoy vaksinasi O‘zbekistonda ishlab chiqariladi

  • 12:50 / 25.07.2021
  • 192

24-iyulda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligida uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S. Kariyev va “Jurabek Laboratories” kompaniyasi vakillari, shuningdek Xitoyning “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi bosh muhandisi Van Chji Szyun, xorijiy mamlakatlarga eksport qilish bo‘limi direktori Chen Fan U  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi bilan qisqa muddatlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolanishiga kelishildi.

Tomonlar O‘zbekistonda birinchi bosqichda oyiga 10 mln doza vaksina ishlab chiqarish va keyinchalik bu ko‘rsatkichni yiliga 200 mln dozaga qadar olib chiqish bo‘yicha fikr almashdilar.

Shuningdek, Xitoy tomoni bilan yaqin kelajakda vaksina ishlab chiqarish texnologiyasini transfer qilinishiga kelishildi.

Bundan tashqari, yurtimiz olim va mutaxassislarining mazkur sohadagi malakalarini oshirish maqsadida Xitoy va O‘zbekistonda bir vaqtda o‘qitish ishlari boshlanadi.