Avtomobilda yuk tashuvchilar uchun qator boj va yig‘imlarda imtiyozlar beriladi

  • 09:33 / 21.08.2021
  • 318

Avtomobilda yuk tashuvchilar uchun 2025-yil 1-yanvargacha qator boj va yig‘imlarda imtiyozlar beriladi.
Bu borada “Avtomobil transportida yuk tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan quyidagi transportlarni 2025-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonga import qilishda bojxona boji, utilizasiya yig‘imi va avtotransportlarni sotib olganlik uchun avtotransport yig‘imlarining nol stavkalari qo‘llaniladi: 

– “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtotransportlar (TIF TN kodlari 8701 20, 8704 22 (samosvallardan tashqari); 
– tirkamalar va yarim tirkamalar (TIF TN kodlari 8716 31, 8716 39).

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ishlab chiqarilgan, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan quyidagi transportlar 2025-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonga import qilishda majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi:

– “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan yuk va maxsus avtotransportlar;
– avtomobilda yuk tashish uchun foydalaniladigan tirkamalar va yarim tirkamalar.