Aylana, tugallanmagan va cheksiz – dunyoning eng g‘ayrioddiy ko‘priklari

  • 13:03 / 29.11.2019
  • 1100

Ko‘priklar nafaqat funksional tuzilmalarga, balki sayyohlar tashrif buyurishiga arziydigan haqiqiy diqqatga sazovor ko‘rinishga ega. San-Fransiskodagi “Oltin darvoza” va ko‘plab ko‘priklarni misol keltirish mumkin. Biz go‘zallik va estetika, haqiqiy muhandislik yechimlari va go‘zallikni birlashtiradigan 10 ta ajoyib ko‘priklar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etamiz.

San-Shan ko‘prigi, Xitoy

2022-yilda Qishki Olimpiya o‘yinlari Pekinda bo‘lib o‘tadi. Shaharning markaziy qismida qor yetarli bo‘lmaganligi sababli, ba’zi musobaqalar shaharning shimoli-g‘arbiy qismida – Chjanszyakou hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tumanlar orasidagi eski yo‘l 203 kilometrni tashkil etadi, shuning uchun yangisini qurishga qaror qilindi va San-Shan, ya’ni “uch tog‘” ko‘prigi uning bir qismi bo‘ldi.

Ko‘prik Pekin arxitektura byurosi Penda va Britaniyaning ARUP muhandislik firmasi tomonidan ishlab chiqilgan. Me’morlarni Olimpiya halqalari, Sishan tog‘lari va DNK spirali ilhomlantirgan. Ko‘prik oltita halqaga tayanadi va ularning ulanishi tog‘larni eslatadi. “Tog‘ cho‘qqilari” ning balandligi – 92 metrni, ko‘prik uzunligi esa – 452 metrni tashkil qiladi.

Ko‘prik chetida piyodalar uchun yurish yo‘llari bo‘lib, ular katta yo‘ldan butalar va daraxtlar bilan ajratilgan.

Infinity ko‘prigi, Angliya

180 metrlik Infinity, ya’ni “cheksizlik” ko‘prigi – bu Angliyaning Stokton-on-Tis shahridagi ko‘prik va poydevorlarni tiklash loyihasidagi birinchi qadamdir. Piyodalar va velosipedchilar uchun mo‘ljallangan yangi ko‘prik Tis daryosining shimoliy qirg‘og‘idagi bog‘ni universitet yotoqxonasi va janubdagi biznes-markaz bilan bog‘laydi.

Spence Associates va Balfour Beatty muhandislik kompaniyasi ko‘prik qurilishi ustida ish olib bordilar. Speirs va Major kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yoritish chiroqlari va dizaynning asosiy xususiyati – tunda ko‘prik arkalari va ularning suvda aks etishi cheksizlik belgisini hosil qiladi.

“Cheksizlik”ni ikki qismga ajratuvchi o‘rtadagi chiziq piyodalar yo‘lidir. Ushbu yo‘lga ikki xil rangli moslama o‘rnatilgan, ya’ni piyodalar zinapoyaga chiqqanda, u oq rangda va o‘tib ketgach ko‘k rangda tovlanadi.

Round ko‘prigi, Urugvay

Aylana ko‘prik Urugvay qirg‘oqlari bo‘ylab olib boriladigan va bir nechta kurort shaharlarini bog‘laydigan yangi yo‘lning bir qismidir. Ko‘prik Garzon lagunasida joylashgan.

Me’mor Rafael Vinoli yo‘lning eng go‘zal qismlaridan birida tezlikni pasaytirish belgisini qo‘yish o‘rniga, tabiiy ravishda avtomobillar tezligini pasaytiradigan ko‘prik qurishni taklif qildi.

Ko‘prik qurilgach, bir paytlar tinch bo‘lgan laguna jonli tus oldi. Avtoulovchilar ajoyib videolarni tasvirga olish uchun bu yerga kelishadi, mahalliy baliqchilar ko‘prikdan turib baliq tutishadi, kechalari esa ko‘ngilochar o‘yinlar tashkil qilinadi.

Qurilishni boshlashdan oldin Vinoli ko‘prik ekotizimga ta’sir qilmasligini aytgan, ammo tuzilish 450 tonna po‘lat, 40 ming metr kuchlanish kabeli va 3500 kubometr betonni talab qilgan. Atrof-muhit faollari norozilik namoyishlari o‘tkazdilar, ammo qurilish to‘xtamadi.

Helix ko‘prigi, Singapur

Helix (“spiral”) – bu Singapur markazidagi ko‘rfaz bo‘ylab harakat qiladigan piyodalar ko‘prigi. Biznes-markazning osmono‘par binolari va futbol maydonchalari ko‘prikdan yanada chiroyli ko‘rinadi. Bu yerda lazer va suv shoularini tomosha qilishingiz mumkin.

Avstraliyaning COX arxitektura kompaniyasi avtomobil yo‘lidan bir metr narida piyodalar yo‘lagini qurishni taklif qildi.

Ushbu 280 metrlik ko‘prik muhandislik mo‘jizasi deb ataladi: DNK molekulasi kabi tuzilganligi bois u 10 ming kishini bemalol ko‘tara oladi. Tuzilish ichidagi oyna kanoplari tufayli piyodalar tropik quyoshdan dam olishadi.

Saragosa ko‘prigi, Ispaniya

2008-yilda Ispaniyaning Saragosa shahrida suv ustidagi qurilish bo‘yicha butunjahon ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Aynan ushbu tadbir uchun Zaha Hadid ko‘prik qurdi va undan ko‘rgazmada foydalandi.

Ko‘prikning tashqi qoplamasi uchburchak panellardan iborat: ularning tuzilishi Ebro daryosining toshqinlarini eslatib turadi. Devor va shift kichkina teshiklar bilan ajratilgan, ular orqali havo va quyosh nuri o‘tadi.

290 metrli ko‘prikning markazi daryoning o‘rtasidagi kichik bir orolda joylashgan.

Muso ko‘prigi, Gollandiya

Muso ko‘prigi Gollandiyaning De-Rover qal’asi hududida joylashgan bo‘lib, o‘rmon bilan o‘ralgan. Qal’a qayta ta’mirlangandan so‘ng, binoga tashrif buyuruvchilar kira olmagan, chunki botqoqliklar juda chuqur va qayiqlar uchun sayoz bo‘lgan. Ro & Ad kompaniyasi xodimlaridan estetika yaxlitligini saqlash bilan birga qal’aga kirishni ta’minlash talab qilingan.

Muhandislar yechimni ko‘prikni suv havzasi ostiga qurib, uzoqdan ko‘rinmasligi va tarixiy ko‘rinishni buzmasligi uchun mo‘ljallashgan. Buning uchun Accoya materiallari ishlatilgan. Ular 50 yil davomida suvga chidamli bo‘lgan yog‘ochlardir. Kuchli yomg‘irdan keyin ko‘prikda suv toshib ketmasligini oldini olib, muhandislar suv sathini nazorat qilish uchun ikkita to‘g‘on qurganlar va suvni chiqarib tashlash uchun nasos o‘rnatganlar.

Millau Viaduct ko‘prigi, Fransiya

Har doim Fransiyadan Ispaniyaga boradigan katta yo‘lda tirbandliklar paydo bo‘lardi. Muammoni fransuz muhandisi Mishelyu Virloge va ingliz me’mori Norman Fosterga ishonib topshirilgan yangi ko‘prik loyihasi hal qilishi kerak edi.

Ko‘prik qurilishi ustida ishlash 17 yil davom etdi va 2004-yilda qurib bitkazilgan Millau Viaduct dunyodagi eng baland ko‘prikka aylandi. Uning balandligi 341 metr. Ko‘prikning uzunligi 2460 metr, kengligi 32 metr va og‘irligi 206 ming tonna.

Viaduct ko‘prigi yettita tayanchga o‘rnatilgan, ularning eng uzun qismining diametri 24,5 metrni tashkil qiladi. Deformatsiyalanmasligi uchun uch yil davomida olimlar asfalt-beton uchun yangi noyob formulani ishlab chiqqan.

Lucky Knot ko‘prigi, Xitoy

Xitoyning Chansha shahridagi “Lucky Knot” piyodalar ko‘prigi nafaqat transportlarga, balki dam olish maskanlariga ham xizmat qiladi, ya’ni u turli balandlikdagi bog‘lar, yo‘l va qirg‘oqlarni bog‘laydi.

Uzunligi 185 metr, balandligi 24 metr bo‘lgan ko‘prik butunlay po‘latdan yasalgan. NEXT xitoy-gollandiya byurosi me’morlari tomonidan ishlab chiqilgan bir-biriga bog‘langan lentalar shaklida dizayn yaratilishini xitoy to‘quv naqshlari ilhomlantirgan. Ko‘prik uchta yo‘nalishni bitta “tugun” bilan bog‘laydi, bu esa piyodalarning turli nuqtalarga kirishini osonlashtiradi.

Storseisundet ko‘prigi, Norvegiya

1989-yilda Norvegiyada sakkiz ko‘prikdan iborat Atlantika yo‘li ochilgan. Ulardan eng uzuni Storseisundet ko‘prigi materikni va Averoi orolini bog‘laydi. Kichik ko‘prik qurilishi bo‘ronlar tufayli olti yil davom etdi.

Ko‘prikni birinchi marta ko‘rgan haydovchilar tezlikni pasaytiradilar: turli tomonlardan u tugallanmaganga o‘xshaydi. Mahalliy aholi “mast ko‘prik” va “hech qayoqqa olib bormaydigan ko‘prik” deb ham atashadi.

259 metr uzunlikdagi ko‘prik ikkita ustunga o‘rnatilgan bo‘lib, uning balandligi 25 metrga teng. Yuqori bardoshli beton doimiy ob-havoga va ulkan to‘lqinlarning bosqiniga bardosh beradi. Ko‘prik yaqinida sayyohlar va haydovchilar uchun to‘rtta to‘xtash joyi mavjud.

Juscelino Kubitschek ko‘prigi, Braziliya

Juscelino Kubitschek ko‘prigi Braziliya poytaxtida joylashgan va 1950-yilda shaharga asos solgan Braziliyaning 21-prezidenti sharafiga nomlangan. Yosh shahar hanuz tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda, odamlar va avtoulovlar ko‘paymoqda. Eng katta tirbandlik shaharning janubiy va markaziy qismlarini bog‘laydigan ikkita ko‘prikda kuzatilar edi, shuning uchun 2001-yilda uchinchi ko‘prik paydo bo‘ldi. Bu shaharning sayyohlar tashrif buyuradigan eng keng yo‘lakchasiga aylandi.

Ko‘prik to‘rtta beton ustunga o‘rnatilgan. Ulart po‘latdan yasalgan, shuning uchun juda qadrlanadi. Ko‘prikning uzunligi – 1200 metr, kengligi – 24 metr, yoylarning balandligi esa – 62 metr. Har bir yo‘nalishda uch qatorli harakat tashkil etilgan va piyodalar va velosipedchilar uchun ko‘prikning har ikki tomonida 1,5 metrli yo‘l ajratilgan.