Ayollar futboli, Osiyo chempionati-2022 saralashi: O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston – 12:0!

  • 08:58 / 21.09.2021
  • 108

Kelasi yili Hindistonda ayollar o‘rtasida Osiyo chempionati final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etadigan jamoalar hozir saralash guruhlarida final bosqichiga yo‘llanma uchun kurash olib bormoqdalar.
Toshkentdagi saralash guruhida mezbonlardan tashqari Janubiy Koreya va Mo‘g‘uliston terma jamoalari yagona yo‘llanma uchun bahs olib borishmoqda. Guruhdagi ilk uchrashuvda Janubiy Koreya termasi mo‘g‘ulistonlik ayollar jamoasini 12:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishgandi.
Kecha mezbonlar ham bahsga qo‘shilishdi va Mo‘g‘uliston terma jamoasi bilan kuch sinashishdi. Raqiblaridan ancha kuchli bo‘lgan qizlarimiz ushbu o‘yinda zafar quchishlari aniq edi, faqat qanday hisobda? Agar 12 to‘p farqidan yuqori bo‘lsa, demak so‘nggi turda ularni durang natija ham qanoatlantirardi. 
Biroq, huddi ataylab qilgandek, bu uchrashuv ham 12:0 hisobida yakun topdi.

O‘zbekistan – Mo‘g‘uliston - 12-0
Gollar: Lyudmila Karachik 15ʼ, Diyoraxon Habibullayeva 20ʼ, 22ʼ, 52, Nilufar Qudratova 27ʼ, 60ʼ, Altuntuya Altansukh 31ʼ, Mahliyoxon Sarikova 47ʼ, 63ʼ, 83ʼ, Saida Galimova 72ʼ, Maftuna Shoyimova 74ʼ.

Osiyo chempionatiga chiqadigan jamoa 23 sentyabr kungi O‘zbekiston — Janubiy Koreya uchrashuvida aniqlanadi. Gʻolib jamoa yagona yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Bordi-yu, uchrashuvning asosiy vaqti durang natija bilan yakun topsa, unda g‘olibni aniqlash uchun penaltilar seriyasi belgilanadi.