Ayrim davlat organlarida fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat tashkilotlar bilan ishlash ko‘nikmalari yetarlicha shakllanmagan

  • 15:08 / 14.08.2019
  • 80

Joriy yilning 14-avgust kuni poytaxtimizda  davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu forum ilk bora tashkil etilmoqda. Forum jamoatchilik kengashlari faoliyatini kelgusida rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga qaratildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Tadbirda ko‘tarilgan mavzu yuzasidan Adliya vaziri o‘z fikr mulohazalarini bildirarkan, forum mazmun-mohiyati jihatidan bizning jamiyat sifatida rivojlanishimiz, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini ta'minlashda  katta ahamiyatga egaligini qayd etdi. Shu bilan birga, R.Davletov “bugungi kunda davlatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining, ommaviy axborot vositalarining renesansini kuzatib turibmiz va shu jarayonning bevosita ishtirokchisiga aylandik”, deya o‘z fikrini davom ettirdi.

Fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki faollashib, bu orqali esa hamyurtlarmizda “bo‘layotgan jarayonlarga, islohotlarga dahldorlik hissini uyg‘onganligini” aytdi. 

Shuningdek,  jamoatchilik nazorati instituti katta kuch sifatida maydonga chiqib, davlat organlarining mas'uliyatini oshirayotganini, bu jarayonda  sohada juda samarali institutlardan biri sifatida jamoatchilik kengashlari ekanligini ta'kidlab, ular uchun yangi davri boshlanganini bildirdi. Jamoatchilik kengashlari davlat organining nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarishini ta'kidladi.

Ruslanbek Davletov Jamoatchilik kengashlari haqida so‘z yuritar ekan quyidagilarni o‘z munosabatida keltirdi:

“Bu davlat organlari uchun yangi yo‘nalish. Va bu sohada katta qadam bosishimiz kerak. Chunki ayrim davlat organlarida fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat tashkilotlar bilan ishlash ko‘nikmalari yetarlicha shakllanmagan. 

Birinchidan, ushbu kengashlar o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat organi hisoblanadi. 

Ikkinchidan, qabul qilinayotgan hujjatlarda, dasturlarda jamoatchilik manfaatlarini va fikrini hisobga olinishini ta'minlaydi va bu borada jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Uchinchidan, davlat organining faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini o‘rganib boradi, uning faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring o‘tkazadi, natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

Ko‘p davlatlarda byudjet xarajatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish bo‘yicha alohida Jamoatchilik kengashi faoliyat ko‘rsatadi.

Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi huzurida tadbirkorlikni rivojlantirish dolzarb muammolari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuzildi”.