Ayrimlar Covid-19 bilan og‘rib, sog‘ayishdi ham. Biroq keyinchalik uning simptomlari yana paydo bo‘ldi 

  • 15:03 / 26.03.2020
  • 1557

Koronavirusni takroran yuqtirish mumkinmi?  
Koronavirus bilan og‘rigan ayrim kishilar sog‘ayib ketdi, deb hisoblanayotgandi. Biroq takroriy test qilinganda ularda virus borligi ma’lum bo‘lmoqda. Odatda koronavirus infeksiyasi chaqiruvchi shamollash kasalliklari bilan og‘riganlarda immunitet shakllanadi. Covid-19 nimasi bilan farq qiladi? 

Shifokorlarni hushyor torttirgan ilk holatlardan biri Tokioda sodir bo‘ldi. 70 yoshdan oshgan fuqaro fevral oyida Covid-19 bilan og‘rigan va yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan edi. Otaxon muvaffaqiyatli davolandi, me’yoriy hayotga qaytdi va o‘z yumushlarini bajarish uchun jamoat transportidan foydalana boshladi ham. Biroq oradan bir necha kun o‘tgandan keyin ahvoli yana og‘irlashdi, harorati ko‘tarildi va yana davolanish uchun shifoxonaga qaytishga majbur bo‘ldi. 

Yaponiyaning En-eych-key telekanali xabariga ko‘ra, u yana koronavirusga testdan o‘tgan va natija ijobiy chiqqani shifokorlarni hayratga solgan. Bu Yaponiyada kuzatilgan yagona holat emas. Infeksiyaning takrorlanishi yoki koronavirusning qaytishi kam sonli bo‘lsa ham, afsuski uchrab turibdi. Virusologlar nega bunday bo‘layotganini tushunolmay hayron.   

Virus qaytadi
Ispaniya Milliy biotexnologiya markazi virusologi Luis Enxuanesning ma’lum qilishicha, koronavirusdan davolanganlarning 14 foizidan kam bo‘lmagan qismida qayta test ijobiy natija bermoqda.  Ammo sog‘aygan odam virusni qayta yuqtirmaydi, balki organizmda mavjud bo‘lgan virus qaytadan ko‘payishni boshlaydi, deb hisoblaydi u.  “Ko‘pgina ehtimollar orasida mening tushunishim shundayki, umuman koronavirus immunitetni shakllanishiga olib keladi, biroq ayrim odamlarda bu immunitet zaifroq bo‘ladi, – deydi Enxuanes. – Immun reaksiyasi pasaya boshlagan vaqtda esa organizmda qolib ketgan virus qaytadan rivojlana boshlaydi”. 

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, test qilinganda Covid-19’ga salbiy natija bergan bemorlarning 14 foizga yaqinida takroriy test ijobiy natija bergan.  

Virus organizmda qoladi 
Ayrim viruslar organizmda 3 oygacha va hatto undan ko‘proq vaqt mobaynida  saqlanib qoladi.  “Bemor test qilinganda dastlab ijobiy, oradan sal vaqt o‘tgach esa yana salbiy natija qayd etiladi. Odatda shifokorlar bemorda immunitet hosil bo‘ldi, endi infeksiya belgilari takrorlanmasligi kerak, deb hisoblashadi. Biroq ayrim qo‘zg‘atuvchilar immun tizimining ta’siri kamroq bo‘lgan to‘qimalarda qolib ketadi, deydi Enxuanes. Ammo tuzala boshlagan bemorlar Covid-19 qo‘zg‘atuvchisiga test qilinganda juda tez ijobiy natija berganligi virusologlarni hushyor torttirmoqda.

Olimlar hayratda 
Bizga ma’lumki, inson immun tizimi turli infeksiyalarga turlicha munosabat bildiradi. Misol uchun, bolalikda qizamiqqa qarshi emlashning o‘zi bir umrga yetarli bo‘ladi. Ammo ayrim mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tashkilotlari ma’lum yoshga yetganda zamonaviy vaksinalar bilan qayta emlashni tavsiya qiladi.   

Shunday viruslar borki, emlash unchalik ham samara bermaydi. Ana shu sababdan emlashni qayta-qayta o‘tkazib turishga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, gripp virusining mutatsiyaga uchrashi tufayli emlashni har yil takrorlash lozim.  

Tushunishga harakat
Covid-19 chaqiruvchi yangi koronavirus hali tugal o‘rganilmaganligi uchun olimlar uning takrorlanishini aniq ta’riflay olishmayapti. 
  
Madriddagi Karl III nomli salomatlik instituti xodimi Izidoro Martines koronavirusning qaytalashi ehtimoli bor bo‘lsa ham, ajablanarlisi shundaki,  hozirgina salbiy ko‘rsatkichda turgan Covid-19 sal vaqt o‘tmay ijobiy natija beradi, deydi va fikrini shunday davom ettiradi: “Agar immunitet uzoq vaqt davomida paydo bo‘lmasa, bilingki, keyingi epidemiya davrida yoki oradan 1-2 yil o‘tgach, organizmda bu infeksiya qayta paydo bo‘ladi. Va bu me’yor hisoblanadi. Biroq yaqindagina kasallikni boshidan o‘tkazgan odamda virusning qayta rivojlanishi juda kam uchraydigan holat. Bizning bilishimizcha, bu koronavirusning o‘zgarishi va mutatsiyaga uchrashi gripp virusi singari tez va kuchli emas ”.

Virusning vaqtinchalik faollashuvi
Bu tushuntirish Enxuanesning nuqtai-nazariga yaqin turadi. “Koronavirusga salbiy reaksiya bildirgan va ozgina vaqtdan keyin ijobiy natija bergan bemorlarda infeksiyaning faollashuvi, ehtimol, virusning to‘la yo‘qolishidan oldin kuzatilar”, – deydi mutaxassis.   
Har ikkala olim ham Covid-19 virusining tabiatini tushunish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar talab qilinishini ta’kidlashmoqda. 

 Panamerika sog‘liqni saqlash tashkiloti  Covid-19 qo‘zg‘atuvchisi – bu yangi virus  bo‘lib, u haqida kun sayin ko‘proq bilib borilayotgani va  hozircha virusning organizmda qaytalashini to‘la aniqlik bilan tushuntirib berishning iloji yo‘qligini izohlagan.  
Olimlarning bu yo‘nalishdagi tadqiqotlari davom etmoqda.