BAAdan O‘zbekistonning bir nechta viloyatlariga yangi reyslar yo‘lga qo‘yiladi

  • 11:01 / 07.03.2020
  • 254

2020-yilning 4-5 mart kunlari Dubay shahrida (BAA) ikki tomonlama hamkorlikni va davlatlar o‘rtasida havo qatnovlarini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va BAA aviatsiya ma’muriyati o‘rtasida maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi shartnomaviy yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun aviakorxonalarni tayinlash, mazkur yo‘nalishlarda parvozlar chastotasi miqdorini belgilash, yangi yo‘nalishlarni ochish va Qarshi, Termiz, Nukus va Buxoro aeroportlarida joriy etilgan “Ochiq osmon” rejimidan foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Ikki davlat o‘rtasida havo qatnovlarini rivojlantirish maqsadida tomonlar amirliklarning aviakompaniyalari Abu-Dabi, Dubay, Sharja shaharlaridan O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz, Urganch, Nukus shaharlariga parvozlarni amalga oshirishi bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Uchrashuv yakunida ikkala davlat vakillari havo qatnovlarini yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi va tegishli bayonnomani imzoladi.