Banan daraxtmi yoki o‘t? Biz pishib yetilmagan, xom banan iste’mol qilamizmi?  

  • 15:22 / 07.11.2019
  • 737

Bananni sevib iste’mol qilamiz. Biroq, u haqida nimalarni bilamiz?  Bo‘yining balandligi 10 metr, yaproqlarining eni 1,5, uzunligi 6 metrgacha yetuvchi bu o‘simlikni ko‘pchilik daraxt deb o‘ylaydi. Mutaxassislar esa uni o‘t deyishadi.

Banan gullaganda atrofga shu qadar muattar bo‘y taraladiki, bu hid hasharot, qush, albatta, maymunlarni ham o‘ziga jalb qilmay qolmaydi. Ba’zan o‘simlikning yaxshi changlanganidan bir o‘ramida 300 tagacha banan sanash mumkin.

Daraxtga o‘xshashni juda ham istagan bu o‘tning 200 dan ortiq turi mavjud. Mevasi qish mavsumiga saqlab qo‘yish uchun quritiladi yoki kukun tayyorlanadi. Banan kukunida kraxmal ko‘pligidan uni, albatta, pishirib yeyish tavsiya etiladi.
 
Texnik maqsadlarda o‘stiriladigan bananlar ham bor. Ulardan tayyorlangan mato chirimaydi, shuning uchun aksar hollarda kemasozlikda ishlatiladi. Yaponiyada to‘qimachilik sanoatida uning maxsus turi keng qo‘llaniladi.
   
Ko‘pgina tropik mamlakatlarda banan eksporti iqtisodning asosini tashkil qiladi. Biroq, mahsulotni uzoq joylarga jo‘natishda muammo paydo bo‘ladi. Meva uzoq masofalarga yetib borolmaydi, buziladi. Shuning uchun u, pishmasdan uziladi va havo harorati 12-14 darajadan oshmaydigan, namligi 80-95 foiz bo‘lgan maxsus tryumlarda tashiladi. Ana endi nima uchun biz xom banan iste’mol qilishimizni tushungandirsiz?
 
“Vokrugsveta.com”dan yana bir ma’lumot: dunyo bo‘ylab banan savdosi hajmi bug‘doy, makkajo‘xori va shakar savdosidan keyingi to‘rtinchi o‘rinda turadi.