“Barkamol avlod”da oiladan bittadan ortiq bola o‘qisa, to‘lovning 30 foizi chegirma qilinishi mumkin

  • 15:04 / 08.11.2019
  • 127

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim tizimining huquqiy asoslarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi va muhokama uchun chop etildi.


Mazkur normativ-huquqiy hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi 50-son hamda 2011-yil 11-maydagi 130-son qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Jumladan:

•  tayyorlangan qaror loyihasida “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ning faoliyatini aniq belgilab berish bo‘yicha Nizomlari hamda ularning namunaviy shtatlar jadvallariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan;

•  2020 – 2021-o‘quv yili uchun xalq ta’limi sohasida bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda oliy ta’lim muassasalarida “Kutubxonachilik” yo‘nalishi bo‘yicha ajratiladigan kvotalar sonini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

•  umumta’lim muassasalarida kitobxonlik klublarini tashkil etish va o‘quvchilarni jalb qilish hamda ularni axborot bilan boyitishga yordam ko‘rsatish;

•  “Barkamol avlod” bolalar maktablarida oiladan bittadan ortiq bola borsa, ularning har biriga o‘qiganlik uchun ota-onalardan olinadigan to‘lovlar miqdorining 70 foizi, to‘garak a’zosi maktabda tashkil etilgan bittadan ortiq qo‘shimcha to‘garakka a’zo bo‘lgan taqdirda 60 foizi to‘lanishi;

•  “Barkamol avlod” bolalar maktablari o‘quvchilari xalqaro miqyosida o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlar va festivallarda 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan to‘garak rahbarlarini tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining besh, to‘rt, uch barobari miqdorida moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi;

•  “Barkamol avlod” bolalar maktablarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘quvchi-yoshlar uchun robototexnika va injenerlik, mental arifmetika va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy to‘garaklar tashkil etish;

•  ota-onalarning xohishlariga ko‘ra ikki tomonlama shartnoma asosida o‘quvchilar bilan yakka tartibda (individual) to‘garak mashg‘ulotlari tashkil etish ko‘zda tutilgan.