Belarusda O‘zbekistonning Chevrolet brendi ostida taqdim etilgan ilk modellari savdosi boshlandi

  • 13:18 / 22.05.2020
  • 261

Belarus Respublikasi avtomobil bozorida O‘zbekistonning Chevrolet brendi ostida taqdim etilgan ilk modellar Spark, Nexia va Cobalt modellari bo‘ldi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” kompanyasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobillarning birinchi partiyasi “Multimotors” avtomarkaziga yetkazib berilgan. “Multimotors” Chevrolet brendining premial avtomobillari rasmiy dileri sanaladi va endilikda UzAuto Motors bilan ommaviy segmentdagi Chevrolet avtomobillarini yetkazib berish bo‘yicha yangi dilerlik kelishuvini imzolagan. 

UzAuto Motorsning Belarusdagi sherigi va ommaviy segmentdagi Chevrolet avtomobillarining rasmiy dileri “Multimotors” kompaniyasi qayd etishicha, ushbu avtomobillarning asosiy afzalligi narx va sifatning ajoyib mutanosibligi va ularning komplektatsiyasidir. 

Tashqi bozorlarda Chevrolet brendidan foydalanish huquqi UzAuto Motors’ga jahon avtosanoatining yetakchilaridan biri – General Motors kompaniyasi o‘rnatgan standartlarga to‘liq mos keluvchi avtomobillarning yuqori sifatiga erishilgani uchun taqdim etildi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, UzAuto Motors kompaniyasi Belarus, Qozog‘iston va Rossiya eksport bozorlarida Chevrolet brendi ostida avtomobillar sotishni boshlab yuborgan.