“Benfika” faqat transferlarda pul topmasligini isbotladi

  • 06:12 / 10.11.2014
  • 1867

2012 yilgi mavsum arafasida "Benfika" prezidentining ish stoliga “Olivedsportos” axborot agentligi tomonidan taklif qilingan, keyingi besh yilga mo‘ljallangan yangi shartnoma kelib tushadi. Bu agentlik avvaldan ushbu jamoa bilan hamkorlik qilib kelardi va yangi shartnomaga ko‘ra, 5 yil uchun 111 million yevro taklif qilgan edi. Lekin jamoa prezidenti bu taklifni rad etadi va portugal futbolida inqilobiy harakatni amalga oshirgan holda, o‘z telekanalini ishga tushirishga kirishadi. 2013 yilning iyulidan beri jamoa o‘yingohi bo‘lmish "Eshtadiu da Lush" da o‘tgan har bir uy uchrashuvi ichki telekanal orqali namoyish etib kelinmoqda.

ruea06c56f722-NEW

Dastlab butun portugal futboli jamoatchiligi benfikaliklarni tanqidga ko‘mib tashladi. "Sporting" prezidenti ularni an'analarga qarshi borib, tartiblarni buzganlikda ayblab chiqdi. Yana bir talay futbol bilimdonlari esa, "Benfika" jamoasini oldinda katta muammolar kutayotgani, "Monopolga qarshi kurash tashkiloti" bu ish uchun ularni qattiq jazolashi haqida bashoratlar qilishdi. "Benfika" esa, bilganidan qolmay, xotirjamlik bilan o‘z ishini davom ettiraverdi.

Bu ishning natijalaridan biri shu bo‘ldiki, "Benfika" o‘z o‘yinlarini mustaqil translatsiya qila boshlashi, bozordagi muvozanatga o‘zgartirish yasadi. Yangi raqobatchi tufayli Portugaliya chempionati o‘yinlari translatsiyasi huquqining katta qismiga egalik qiladigan Sport TV kanali o‘z tomoshabinlarining 10 foizini yo‘qotdi. Chunki, "Benfika-TV" da oylik abonent to‘lovlari nisbatan juda arzon. Endilikda, Sport TV ham oylik to‘lovni 9.90 yevrogacha tushirishga majbur bo‘lgan.

Antimonopol tashkilotlar bilan ham hech qanday muammolar yuz bermadi. 2013/14 mavsum yakunlariga ko‘ra, " Benfika-TV" o‘zining ishonchli loyiha ekanini isbotladi. Endilikda, qolgan jamoalar ham ushbu yangicha tizimga o‘tish haqida o‘ylay boshlashgan.

"Benfica-TV" muvaffaqiyatining sirlari "Benfika" prezidenti avvalboshidan qanday tavakkal ishga qo‘l urayotganini yaxshi anglar edi. Ha, bu loyiha qanchalar chiroyli ko‘rinmasin, oxir-oqibatda jamoa uchun falokatli yakunlanishi ham mumkin edi. Axir, bu loyiha uchun “Olivedsportos” taklif qilgan 111 million yevrodan voz kechilgan (5 yil uchun, demak yiliga 22 mln) va loyihaning texnik ishlari uchun anchagina mablag‘ sarflangan edi.

benfica_2013_squad-NEW

"Benfika" rahbarlari buni yaxshi tushunganlari uchun qunt bilan ishlay boshlashdi. Avvaliga telekanal efirlarida "Benfika"ning uy uchrashuviga oid eksklyuziv lavhalar, jamoa yetakchilari bilan suhbatlar, kichik yoshdagi klub tarbiyalanuvchilar hayotidan hikoyalar, mashg‘ulot jarayonlari berib boriladi. Keyinroq, "Benfika" o‘yinlaridan tashqari MLS, Gretsiya va Braziliya chempionatlaridagi o‘yinlar bilan birgalikda, volleybol, basketbol hamda gandbol o‘yinlari ham efirga uzatiladi. Ko‘p o‘tmasdan, 9 mln yevro evaziga Angliya chempionatining 2013-2016 yilgi o‘yinlarini uzatish huquqi sotib olindi. Muxlislar uchun "Ochiq eshiklar kuni" nomi ostidagi tadbirlar va boshqa turli imtiyozlar joriy qilindi.

Navbatdagi aqlli qadam esa, telekanal nomini “BTV” sifatida o‘zgartirish bo‘ldi. Chunki, Portugaliyadagi boshqa jamoa muxlislari "Benfika-TV" ni ko‘rishni istamasliklari, “BTV” ni esa hech bir e'tirozsiz tomosha qilishlari mumkin bo‘lardi. “BTV” o‘z ko‘lamini kengaytirishda davom etib, JCh-2014 va Yevro-2016 translatsiyasi huquqlarini ham sotib oldi, kanal efirlarida auditoriya talablarini o‘rganib chiqilgan holda, boks va boshqa yakkasport turlariga oid lavhalar ham uzatila boshlandi.

Oydan oyga telekanal muxlislari soni oshib boradi. 2013 yilning yozida har oyda 9.90 yevrodan to‘laydigan 100 ming nafar abonent mavjud bo‘lgan bo‘lsa, yil oxirigacha bu miqdor 231 mingga yetadi. Bu rejadagidan 2 barobar ko‘p edi.

Yilning yakuniy hisobotlariga ko‘ra, telekanal 28.1 million yevro daromad qiladi va bu Olivedsportos taklif qilgan 22 milliondan ko‘proq. Yildan yilga bu son ortishi tabiiy, chunki, 2014 yilning avgustida mamlakatdagi kafe va barlar hududida o‘rnatilgan ekranlarda telekanalning namoyishi uchun to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.

"Barcha raqamlar bizning naqadar haq bo‘lganimizni ko‘rsatmoqda. "Benfika televideniyasi" loyihasi omadga erishdi. Biz birinchi bo‘lib, shunday ishni amalga oshirib, tarixga kirdik" - deydi prezident Luish Felipe Viyeyra.

Teglar