Benzin importiga aksiz solig‘ining oshirilishi iqtisodiy asoslantirilmagan – Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

  • 10:38 / 27.05.2020
  • 218

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirishni nazarda tutuvchi taklifiga oid ma’lumot e’lon qilingan edi.

Ushbu masala yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham munosabatini e’lon qildi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, neft mahsulotlari uchun aksiz solig‘i deyarli barcha davlatlarda qo‘llaniladi.

“Hozirgi kunda O‘zbekistonda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, import qilish va sotish bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlarga teng sharoitlar yaratildi. Monopol korxona hisoblangan Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari 2020-yilning may oyidan narxni shakllantirish bo‘yicha qo‘llanib kelingan cheklovlardan ozod etildi. Endilikda narxlar birja savdolarida talab va taklifdan kelib chiqib shakllana boshladi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan import neft mahsulotlarining aksiz solig‘ini oshirilishi bo‘yicha Energetika vazirligiga kiritilgan taklif yetarlicha iqtisodiy asoslantirilmaganini ta’kidlamoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “sog‘lom raqobat muhitining ta’minlanishi va iste’molchilar manfaatlarini ko‘zlagan holda” aksiz solig‘ini oshirilish maqsadga muvofiq emas deb hisoblamoqda.

“Shuni ta’kidlash joizki, mahsulotni importiga aksiz solig‘ini belgilash masalasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi tarif va notarif tartibga solish Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim. Kengash mazkur masalani ko‘rib chiqqan taqdirda, Qo‘mita yuqoridagi pozitsiyasi bilan ishtirok etadi va himoya qiladi”, deyiladi Qo‘mitaning mazkur masalaga bildirgan munosabatida.  

Ma’lumot uchun, aksiz solig‘i – bu mamlakat ichida ishlab chiqariladigan va importdan keltiriladigan, odatda aniq ro‘yxatini belgilagan holda, tovarlarga nisbatan to‘laniladigan bilvosita soliq hisoblanadi.
Xalqaro tajribada rivojlangan mamlakatlarda aksiz solig‘i davlat byudjeti uchun daromad manbai sifati ko‘riladi. Bunda, aksiz solig‘i tovarning mahalliy yoki importdan keltirilganligidan qat’iy nazar yagona stavkada belgilanadi.