Beshikda yotgan chaqaloq yong‘in oqibatida hayotdan ko‘z yumdi

  • 11:10 / 08.11.2019
  • 471

2019-yilning 7-noyabr kuni soat 13:24’da Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani “Navbahor” MFY Yangiqo‘rg‘on ko‘chasida joylashgan 45-uyda yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in oqibatida beshikda yotgan chaqaloq vafot etdi.

O‘zbekiston FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi ma’lumotida aytilishicha, yong‘in oqibatida 2018-yilda tug‘ilgan qizcha tutundan zaharlanib, voqea joyida halok bo‘lgan. 
Tezkor-tergov guruhi xodimlari tomonidan voqea joyiga borib, hodisa yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilganda, yashash xonada nosoz elektr isitish moslamasini yoqilgan holda nazoratsiz qoldirilishi natijasida uyning 5 kv.metr maydonda pol qismi va ichki jihozlari yonib zararlanganligi aniqlangan. Yong‘in natijasida shu xonada beshikda bo‘lgan chaqaloq tutundan zaharlanib, vafot etganligi ma’lum bo‘lgan.

“Aziz hamyurtlar! Qo‘lbola va nosoz gaz, elektr isitish moslamalaridan foydalanmang, isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiyasi va yo‘riqnomasi talablariga rioya qiling, yosh bolalarni va go‘daklarni uyda qarovsiz, nazoratsiz qoldirmang”, deyiladi ma’lumot so‘nggida.