Birdaniga uchta joyga hujjat topshirilganda abituriyent uchun fanlar ketma-ketligi qanday aniqlanadi?

  • 17:43 / 15.05.2019
  • 482

Bugun, 15 may kuni Adliya vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Prezidentining «Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda «Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori muhokama qilingan.

Matbuot anjumani davomida ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javoblar olingan, xususan, uch yo‘nalishdan birini tanlashda fanlar ketma-ketligi mos bo‘lishi shart yoki shart emasligiga bir qadar oydinlik kiritilgan.

DTM bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov fanlar ketma-ketligiga e'tibor qaratilishi, aks holda ko‘p chalkashliklar yuzaga kelishi aniqligi haqida gapirgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, «fanlar ketma-ketligiga e'tibor qilinmaydi» degan xabarlar tasdiqlanmagan. Ammo bu masala bo‘yicha yana takliflar o‘rganilmoqda va yakuniy qarorga kelinmagan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev telegramdagi kanalida bu masala yuzasidan fikrlarini bildirgan.

«Prezident qarori qabul qilingandan so‘ng, uchta fan bir xil bo‘lsa kifoya, ketma-ketlikka qaralmaydi, deya xabar bergan edim. Bugungi gaplar ko‘pchilikni ikkilantirib qo‘ymoqda. Ketma-ketlikka qaraladimi yoki yo‘qmi?

Oldindan aytib qo‘yay, men ta'lim tizimida rasman ishlamayman va yozganlarim rasmiy maqomga ega emas.

Bundan tashqari, qonun hujjatlarida nima deyilgan bo‘lsa, o‘sha tartibni izohlashga harakat qilaman, lekin mutasaddilar bunga amal qiladimi, yo‘qmi, bunisiga kafolat bermayman. Yozma qoidalar amaliyotda butunlay boshqacha talqin qilinishi mumkin.

Endi fanlar ketma-ketligi haqida. 2ta asosga ko‘ra, bunday xulosani yozganman.

Birinchidan, 15 fevral kuni DTM tomonidan Prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

Loyihada «abituriyentlar tomonidan oliy ta'lim muassasalarini tanlashda imtihon fanlari bloki va ketma-ketligining mosligi e'tiborga olinadi» degan alohida band bor edi.

Lekin rasman imzolangan Prezident qarorida esa ketma-ketlik haqidagi band olib tashlangan. Ilk xulosa shundan edi.

Ikkinchidan, uchta yo‘nalishni tanlashda ketma-ketlikka qaralmasligi, loyihadagi o‘sha band atayin olib tashlangani to‘g‘risida ta'limga bevosita mas'ul bo‘lgan martabali insonlardan biri xabar qilgan edi.

Menimcha, keyin rejalar yana o‘zgarib qolgan shekilli. Yanada aniqroq taxmin qiladigan bo‘lsak, DTM tayyorlagan texnik baza ketma-ketlikka qat'iy rioya qilishni talab etadi, dasturiy ta'minotni o‘zgartirish uchun esa endi vaqt deyarli yo‘q. O‘shanchun fanlar ketma-ketligiga qaralishi ta'kidlanmoqda, menimcha.

Shuningdek, mas'ullar orasida barchasi ham yangiliklarni bu darajada liberal bo‘lishidan manfaatdor emasdek go‘yo. “Shunchasini hazm qilib turinglar, juda erkalab ketmanglar” deyishibdi, shekilli.

Xullas o‘rtoqlar, rasmiy ma'lumot va tushuntirish kerak bo‘lsa, rasmiy tashkilotlarga murojaat qiling, rasmiy saytlariga kiring. Saytida Siz xohlagan ma'lumot bormi yoki yo‘qmi, ular bilan qanaqa bog‘lanasiz, ular Sizga tushuntirish beradimi, yo‘qmi, bunisini bilmadim.

Agar mabodo joriy yilgi qabul jarayonlarida rasman uchta yo‘nalishni tanlash uchun fanlar ketma-ketligiga mos bo‘lishni talab qilishsa (chunki haliyam bir qarorga kelinmagan, mavhum bo‘lib turibdi), unda 2 kun davomida kanalimda berilgan noto‘g‘ri talqindagi xabar uchun hammadan uzr so‘rayman. Umid qilamanki, bu xabar natijasida hech kimga amaliy ziyon yetmadi, shunchaki Sizlarning behudaga xursand bo‘lganingizdan xijolatdaman. Abituriyentlar foydasiga yaxshi gumonda bo‘libmiz, yomonroq o‘ylashimiz kerak ekan», deydi u.