Birja savdolari o‘tgan haftaga nisbatan 1,2 foizga kamaydi – O‘zRTXB

  • 09:47 / 05.05.2020
  • 248

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 27 aprel – 3 may kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 930,9 mlrd. so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 1,2 foizga kamdir. Bunda sotuvlarning 90 foizi – birja savdolari, 5 foizi – ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 5 foizi – elektron davlat xaridlari va 0,2 foizi – avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 312,1 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 9,0 mlrd. so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 457 ta avtoraqamlar sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 43 foizga o‘sib, 1,7 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 19,5 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 45,3 foizi ikkinchi va 35,2 foizi uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 833,5 mlrd. so‘mlik tovar resurslari sotildi, o‘sish – 1,7 foiz tashkil etdi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Paxta yog‘i

O‘tgan haftada birja savdolariga 3125,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 1798,0 tonnasi, ya’ni 57,5 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 72 ta savdo ishtirokchisi qatnashdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 9095,9 ming so‘mdan 8834,0 ming so‘mgacha, ya’ni 3 foizga pasaydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan 1,7 foizga o‘sib, mahsulotni bir tonnasi uchun 9671,6 ming so‘mni tashkil etdi.

Shakar

Taklif darajasi yuqori bo‘lganligi sababli birjaning shakar bozorida barqarorlik saqlanmoqda. O‘tgan haftada birja savdolariga 17900,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 9312,0 tonnasi, ya’ni 52 foizi sotildi.

Birja savdolarida har kuni o‘rtacha 27 ta xaridorlar ishtirok etishdi va bu avvalgi haftaga nisbatan 40 foizga kamdir. O‘tgan davrda barcha kategoriyali shakarning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 5271,0 ming so‘mdan 5240,1 ming so‘mgacha, ya’ni 1 foizga pasaydi.

O‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi shakarning bir tonnasi uchun 5254,1 ming so‘mni tashkil qildi.

Benzin

O‘tgan haftada birja savdolariga 22583,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 9377,0 tonnasi, ya’ni 41,5 foiz sotildi.

Birja savdolarida “O‘zbekneftegaz” AJ neft bazalari, avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari va benzinni o‘z ehtiyojlari uchun xarid qiladigan boshqa yuridik shaxslar ishtirok etishdi.

O‘tgan haftada AI-80 markali avtomobil benzinning sotuvchilari yoqilg‘ining boshlang‘ich narxini 5971,8 ming so‘mdan 3810,3 ming so‘mgacha, ya’ni 36,2 foizga pasaydi. Shu bois AI-80 benzinning o‘rtacha kunlik narxlari ham mos tarzda 5976,0 ming so‘mdan 3812,5 ming so‘mgacha, ya’ni 36,2 foizga pasaydi.

AI-80 markali avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 3873,2 ming so‘mni, AI-91 benzinning narxi – 5761,5 ming so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.