Birjadagi narxlarning pasayishi: AI-91 rusumli benzin, suyultirilgan gaz, oltin…

  • 15:33 / 09.10.2019
  • 611

2019-yil 30-sentabr – 4-oktabr kunlari “OʻzRTXB” AJ da oʻtkazilgan birja savdo natijalariga koʻra birja bozorining turli tovar segmentlarida narxlar dinamikasi turli yoʻnalishlar boʻyicha shakllanib bordi.

Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida 3149,9 tonna AI-91 rusumli benzin birja savdolariga qoʻyildi, va shundan 2866,5 tonnasi sotildi. Soʻnggi savdo haftasida AI-91 rusumli benzini boʻyicha shakllangan birja kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan 0,5 foizga pasaydi va bir tonnasi uchun 6375,1 ming soʻmni tashkil etdi.

Oʻtgan haftada suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilari birja savdolari orqali 15,0 mlrd soʻmlik 5455,0 tonna suyultirilgan gaz sotishdi. Gazning birjada shakllangan narxi oldingi haftaga nisbatan 9 foizga pasayib, bir tonna uchun 2762,8 ming soʻmni tashkil etdi.

Qora metall bozorida narxlarning oʻsishi tiklandi. Xususan, ST 12-35 GS armaturaning narxi 14,4 foizga oʻsib, bir tonnasi uchun 5719,1 ming soʻmni tashkil etdi. Birja orqali sotilgan barcha turdagi qora metallning hajmi jami 4,4 ming tonnani tashkil qilgan.

Oltinning narxi kichik pasayishni koʻrsatmoqda, soʻnggi savdo haftasida shakllangan birja kotirovkasi 1 gr oltin uchun 453,4 ming soʻmni tashkil etdi. Haftalik savdo natijalariga koʻra OʻzRTXB da 45,3 mln soʻmlik 100 gr Au-1 markali oltin sotilgan.

Sement bozori ham kichik oʻsishni koʻrsatmoqda. PS M-400 D-20 sement boʻyicha narxlar avvalgi haftaga nisbatan 4,4 foizga o‘sib, bir tonna uchun narxi 506,6 ming soʻm miqdorida belgilandi. Faol sotilayotgan boshqa markali sementlarning narxlar diapazoni 420,0-640,0 ming soʻmni tashkil etmoqda.

Birjada paxta tolasi uchun yuqori darajadagi talab saqlanmoqda, lekin narxlar deyarli oʻzgarmadi. Oʻtgan hafta 1 nav 4 tip (oʻrta klass)dagi paxta tolasi boʻyicha narxlar bir tonna uchun 12,9 mln soʻmni tashkil etdi. Paxta tolasini boshqa navlarining narxlari oʻrtacha 7,0 mln soʻmdan 13,5 mln soʻmgacha boʻldi.

Plyonka ishlab chiqarishda foydalaniladigan F-0120 polietilenning bir tonna uchun narxi 12,9 mln soʻmni tashkil etib, 2,2 foizga oʻsdi. Oʻtgan haftada jami 1,4 ming tonna polietilen sotilgan.

Oʻtgan haftada karbamidning narxi pasaygani kuzatildi, bir tonnasi 2,5 foizga pasayib 1765,1 ming soʻmni tashkil etdi. Umuman olganda, hafta davomida birja savdolari orqali 14,5 ming tonna mineral oʻgʻitlar sotildi.