Biznesmen bo‘lib tug‘ilganlar

  • 23:30 / 29.11.2014
  • 4124

Kapitalizm nazariyachilari o‘nlab yillar davomida oilaviy kompaniyalarning sinishini bashorat qilishgandi. Ular haqdek edi: XX asrda oilaviy firmalar ancha vaqtgacha e'tibordan yiroq bo‘ldi. Biroq vaziyat o‘zgardi.    

Oilaviy kompaniyalarning hissasi 2005 yil 15 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir 19 foizga yetgan. Bu asosan iqtisodiyoti rivojlanayotgan davlatlar (Xitoy, Rossiya, Braziliya, Janubiy Koreya, Tayvan) hisobiga sodir bo‘ldi. Bu davlatlarda oilaviy firmalar ko‘p, ammo boy davlatlar ham ortda qolmaslikka harakat qilmoqda.

“Siz oilaviy biznes mahsulotlaridan boshqa hech nimadan foydalanmasdan (“New York Times” (yoki “Daily Mail”)ni o‘qib, “BMW” (yoki “Fiat”, yoki “Ford”)da o‘tirib, “Samsung Galaxy”dan qo‘ng‘iroq qilib, “Mars” shokoladini yeb) kunni o‘tkazishingiz mumkin”.   

Oilaviy firmalar borgan sari ko‘payishi kutilmoqda: 2025 yilga borib, bunday kompaniyalar soni 15 mingga yetadi (2010 yilda 8000 ta edi), umumiy daromadi esa 1 milliard dollardan kam bo‘lmaydi, ularning 37 foizi rivojlanayotgan davlatlarda bo‘ladi. Janubi-Sharqiy Osiyodagi katta firmalarning 85 foizi, Lotin Amerikasidagilarning 75 foizi, Hindistonda 67 foizi, Yaqin Sharqda 65 foizi, Xitoyda esa 40 foizini oilalar boshqaradi. 

Sinishi bashorat qilingan oilaviy kompaniyalar qanday qilib yashab qoldi? O‘z nuqsonlari va kamchiliklarini bartaraf etishni ayniqsa G‘arbda yaxshi o‘rganib olishdi. Masalan, bugungi kunda oilaviy firmalarning rahbarlari omadsizligi kundek ravshan bo‘lib turganlarni ishga olishmaydi, buning o‘rniga o‘sib kelayotgan avlodni biznes-maktablarga jo‘natib, ishni quyi pog‘onalardan boshlashga majbur qilishadi. Konsaltingning butun bir sohasi firmalarga qarindoshlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilishga mo‘ljallangan.   

Oilaviy biznesning kuchli jihatlari bugun ham kapitalizmning ilk davridagidek muhim. Gap shundaki, yollanma menejyerlar firma egalarichalik sergak bo‘lishmaydi. Qarindosh menejyerlar ko‘pincha tejamkor bo‘lishadi va chorak yakunlariga qarab emas, avlodlar ko‘lami bilan fikrlashadi. 

Biroq rivojlanayotgan davlatlarda ham, rivojlangan davlatlarda ham zamonaviy oilaviy kompaniyalarning bir muammosi bor: oilaviy firmalarning 16 foizida firmaning meros bo‘lib o‘tishida aniq tasavvur mavjud emas. Buning ustiga, ularning aksariyati eng yaxshilar bilan raqobatda bo‘lishga urinmaydi, o‘zlari uchun ishlayverishadi. Muvaffaqiyat qozonish uchun oilaviy nazoratdan voz kechish shart emasligini nimagadir unutib qo‘yishadi.  

Teglar