BMT Afg‘oniston ehtiyojlari uchun $1,1 mlrd. gumanitar yordam ajratadi

  • 09:37 / 23.09.2021
  • 95

BMT Afg‘oniston ehtiyojlari uchun $1,1 mlrd. gumanitar yordam ajratadi.
Bu haqda 2021-yil 22-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va AQSh tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining “C5+1” shaklidagi uchrashuvida ma’lum qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibi ishtirok etdi.

Tashqi siyosiy idora rahbarlari iqtisodiyot, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Delegatsiyalar rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyat ko‘rib chiqdilar, gumanitar inqirozning oldini olish uchun afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish, ushbu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integrasiyalashuvini ta’minlaydigan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligini ta’kidladilar. 

– Biz BMTning Jeneva konferensiyasi natijalarini, jumladan Afg‘oniston ehtiyojlari uchun 1,1 milliard AQSh dollari miqdorida gumanitar yordam ajratilganini olqishlaymiz, – dedi Abdulaziz Kamilov.

Mintaqadagi mamlakatlar barqarorligi va xavfsizligiga tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilindi.