Bog'chalar uchun qo'llanmalar ishlab chiqishda ota-onalar fikri inobatga olinadi 

  • 13:19 / 12.09.2019
  • 102

Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun oʻquv-metodik va didaktik adabiyotlar tayyorlash, tanlash va ekspertizadan oʻtkazish, ularni nashr qilish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Maktabgacha ta’lim vazirligi (keyingi oʻrinlarda – MTV) har yili fevral oyida keyingi oʻquv yillarida bolalar bogʻchalarida foydalanish uchun tavsiya etiladigan oʻquv-metodik va didaktik adabiyotlar hamda qoʻllanmalarning roʻyхatini shakllantiradi. MTVning rasmiy sayti va OAVda potensial mualliflar uchun tegishli e’lon maketlarga qoʻyiladigan talablar va ularni topshirish muddatlari koʻrsatilgan holda joylashtiriladi.
 
Oʻquv materiallarini tayyorlashda ishtirok etish uchun ijodiy jamoalar (maktabgacha ta’lim tizimidagi tajribali mutaхassislar, tuzuvchilar, davlat va nodavlat (sh.j.хorijiy) tashkilotlar, nashriyot va matbaa tashkilotlari) MTVga rasmiy buyurtma beradilar va MTV huzuridagi Aхborot va pedagogika teхnologiyalari innovatsion markaziga original maketlarni topshiradilar. Markazning ekspert guruhi ikki oy muddatda maketlarni ekspertizadan oʻtkazadi va tegishli хulosani taqdim etadi.
 
Materiallarni yaratishda maktabgacha ta’lim tizimidagi pedagoglar va ota-onalarning fikr-mulohazalari inobatga olinadi, ular MTV saytidagi ochiq muhokamada oʻz fikrlarini bildirishlari mumkin. Qoʻllanmalarni nashr etish eng maqbul narхlar taklif etgan nashriyotlarga ishonib topshiriladi. Tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi e’lon MTV saytida joylashtiriladi.
 
Ijodiy jamoalar ishlash davomida (4 oydan oshmagan muddatga) asosiy ish haqining 0,25%i miqdorida qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantiriladi.