Bolani suzishga qanday qilib o‘rgatish mumkin?

  • 10:28 / 10.07.2019
  • 8038

Maqolada bir va undan katta yoshdagi bolalar haqida gap boradi. Yoshiga to‘lmagan chaqaloqlar uchun maxsus yondashuv mavjud.

Bolalarni suvga o‘rgatish chog‘ida vanna hamda hovuzda nimalarni umuman qilmagan ma'qul?

Bolaning yuziga aslo puflamang (bolani suvga tushishi oldidan yuziga puflash borasida bir qancha ko‘rsatmalar mavjud). Bu holat bolani cho‘chitadi, uni xafa qiladi. Qolaversa, puflashning bolani suvga o‘rgatish borasida xech qanday foydaga bog‘liq yeri yo‘q.

Bolaga zinhor suvga tushish oldidan “sho‘ng‘iymiz!” deb aytmang. Hech qanday odatiy buyruqlarni bermang. Aniqrog‘i, uni har safar suvga tushirishdan avval so‘z va harakatlar orqali buyruqlarni ishlatmang. Bola sizning buyrug‘ingizga qarab nafasini saqlab turishi kerak emas. U xohlagan vaqtda suvga tushganida boshi suv yuzasida bo‘lishini tushinishi kerak. Bola suvga tushayotgan vaqtda nafasini saqlab turishi lozim. Yuziga suv sachraganda ham xuddi shunday.

Suvga tez-tez sho‘ng‘ishi kerak va u tez orada suzishni o‘rganib oladi. Albatta, jarayon hammaga birdek ta'sir etmaydi. Ammo ertami kechmi nafasni qancha vaqt ushlab turishni o‘zi bilib oladi. Qayta o‘rgatgandan ko‘ra, o‘rgatmagan ma'qul, albatta.

Bolani suvda aslo orqasiga yotqizmang. Bu o‘rganish jarayoni uchun o‘ta noqulay bo‘lgan holat. Ko‘pchilik suzishni o‘rgatuvchi instruktorlar ushbu holatni tavsiya etadilar. Ammo deyarli barcha bolalar uni yomon ko‘radilar. Bu vaziyat himoyasiz hamda bola uchun noqulaydir. Shu bilan birga xavfli hamdir. Shuningdek, bolani ancha suv yutib yuborishiga sabab bo‘lishi mumkin. Suzishni o‘rgatishda orqaga yotib o‘rgatishdan ko‘ra tananing old tomoni bilan suvga yotgan holatda o‘rganish 100 marotaba foydaliroqdir. Hamma bolalar avval suv ostida suzishni o‘rganadilar. Keyinchalik esa nafas olish uchun boshlarini ko‘tarishni o‘rganib oladilar. Shunchaki ota-onalar boshlanishida bolaga nafas olishga ko‘maklashadilar.

Qo‘shimcha suzish vositalari (qutqaruv halqasi, nimcha va qo‘l uchun mo‘ljallangan havo vositasi) kabilarning mutlaqo keragi yo‘q. Bu bolani o‘zi suza olishi mumkinligiga ishonchini yo‘qotadi. Qo‘shimcha vositalarsiz o‘zi suvda suza olmasligini ongida shakllantiradi.

Bolaga burun kataklarini barmoqlari bilan berkitishni o‘rgatmang. Suv burun kataklariga kirgan taqdirda ham bu juda oz miqdorda bo‘ladi. Bola esa boshidanoq o‘zi bu kabi noqulayliklarni yengib, suvdan sho‘ng‘ib chiqishni o‘rganib olishi lozim.

Nimalar qilmagan ma'qul?

Bolani suvda shunday ushlangki, uning boshi doim suv ustida bo‘lsin. Kuzatgan bo‘lsangiz, har safar plyajda bolani suv yuzasida ushlab turib, “oyog‘ingni ishlat”, deb o‘rgatayotgan ota-onalar topiladi. Bu esa bola miyasida xuddi hozir qo‘yib yuborishadi-yu va u mustaqil suzib keta oladigandek fikr tug‘ilishiga olib keladi. Aslida esa unday bo‘lmaydi. Yuqorida qayd etilganidek bolalar suzishni boshlaganlarida avval boshlari suv ichida bo‘ladi. Keyin esa nafas olgani suv yuziga boshlarini chiqarishni o‘rganib oladilar.

Bolani suvdan qo‘rqmaslikka o‘rgatamiz

Suvdan juda qo‘rqadigan bolalar uchun — uncha katta miqdorda bo‘lmagan suv sig‘imi bo‘lishi kerak. Agar bola suvdan vahimali darajada qo‘rqsa, suv bilan bola o‘rtasidagi munosbatni tovoqdagi suv qo‘magida boshlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tovoqqa suv quyib, o‘yinchoqlar, turli shaklchalar va idishchalarni soling. Bola suvni qancha berilib o‘ynasa shuncha yaxshi.

Agar bola vanna ichida tovoqdagi suvchani o‘ynashni xohlasa tovoqni vannaga soling va bolani ham o‘tkazing. Aksincha vanna ichiga tushishni istamasa, oshxona poli ustida, rakovina ustida o‘ynashi ham mumkin. Shuningdek, ko‘cha yoki hovlida o‘ynasa ham bo‘ladi. Ammo bu jarayonni aslo puflama hovuzchalarda bajarmang.

Biroz ko‘proq suv sig‘imiga o‘tamiz

Agar bola suv ichida mamnuniyat bilan o‘ynasa, uni hovlidagi havo bilan to‘ldirilgan hovuzchaga o‘tkazish mumkin. Agar sizda shahar tashqarisidagi hovli (dacha) bo‘lmasa, ko‘l bo‘yidagi plyaj, yaqin atrofdagi suv havzalariga borib ko‘l suvidan ishiriladigan hovuzchaga oz miqdorda quyib, bolangizning o‘yinchoqlarini soling.

Suvda o‘ynaymiz

Bola suvdan vahimali darajada qo‘rqmasa, yuqoridagidek tovoqchadagi oz miqdordagi suv bilan boshlamasa ham bo‘ladi. Shishirilgan hovuzchaga ham hojat yo‘q. Uncha katta bo‘lmagan hovuzda bola oyoqlarini ho‘llab, suv bilan o‘ynagani ma'qul. Bu safar ham turli o‘yinchoqlar yordamida. Masalan: turli shaklchalar, o‘rdakchalar va shunga o‘xshash. Bolaga qo‘shilib siz ham suv ichida o‘ynang. Qancha ko‘p o‘nasangiz shuncha yaxshi.

Yuzni suvga botiramiz

Bola o‘zlashtirib olishi kerak bo‘lgan muhim narsalardan biri bu yuzini hech qanday qo‘rquvsiz suvga botira olishdir. Bolangiz agar zig‘ircha ham cho‘chishsiz suvga yuzi bilan kira olsa, bilingki bir necha haftadan so‘ng mustaqil suzishni boshlaydi. Mohirona bo‘lmasada, harakatlar bilan suv yuzasida o‘zini tutib turib, bir ikki metr masofaga suzadi.

Demak, biz burun kataklarini barmoqlar bilan berkitmaslikni (bu kattaroq yoshdagi bolalarga ham taalluqli) bilib oldik. Bolaning yuzi bo‘sh holatda bo‘lishi, uni tirishtirmasligi, ko‘proq havo to‘plab olishga “tantanali” harakat qilmasligi hamda lunjini ishirib olmasligi kerak. Barchasi hotirjamlik, oson va mamnuniyat bilan amalga oshirilishi darkor.

Hatto vannada cho‘milishdan qo‘rqadigan bolalar uchun

Ishni yuvinish, ya'ni yuzni kaftdagi suvga botirib yuvishdan boshlashni maslahat beramiz. Bolani yuvintirish uchun uning ortida turib, qo‘llaringizni cho‘zing. Bola qo‘llaringizni ko‘rsin. Kaftingizni suv bilan to‘ldiring, bolangiz o‘zi yuzini suvga botirsin. Siz esa asta sekinlik bilan yuving. Bolaning kaftlariga ozgina suv yig‘ilganligi sababli sizning kaftingizdagi suv bilan yuvilgani maqsadga muvofiq. Kaftdagi suv bir necha soniyalardan so‘ng to‘kilib kamayib ketadi. Bu esa qo‘rqinchli jarayon emas. Axir bu faqatgina yuvinish xolos.

Bir muncha jasurlar uchun

Yuzimizni vannadagi yoki tovoqdagi suvga botiramiz. Shunchaki botirish yoki o‘yin asosida bajarish ham mumkin. Masalan: suvga yuzimizni botirib, puffaklar hosil qilamiz. Yo bo‘lmasa turli tovushlar chiqaramiz, xatto qo‘shiq kuylash ham mumkin. Bu juda qiziq jarayon bo‘ladi.

Yana bir o‘yin, suv tagidan olma bo‘lagi yoki shunga o‘xshash qulay bir buyumni tishlab olib suvdan tashqariga chiqamiz. Bu o‘yin yordamida bola nafaqat suvga yuzini botirishni, balki suvni yutib yubormaslikni, og‘izdan chiqarib tashlashni, suvni tomoqqa o‘tib ketishini to‘sishni ham o‘rganadi. Agar bola istamasa uni majburlamang. Majburiy mashqlarning o‘zi mavjud emas. Faqat o‘zingizga ma'qulini tanlab olishingiz mumkin bo‘lgan turli variantlar mavjud.

Hovuzdagi o‘yinlar

Bu sizning sehrli tayoqchangiz. Hamma bolalar suvni shapillatib, shovqin solib o‘ynashni yaxshi ko‘radilar. 100 foiz bo‘lmasligi mumkin ammo ko‘pchilik bolalar yoqtiradi.

Agar bolakay bu kabi o‘yinlarni oz miqdordagi suvda (vanna, tovoq va shishirilgan hovuzchada) o‘ynashni yoqtirib qolsa, boshqa suvlarga ham o‘rgatish oson bo‘ladi.

Suvda qo‘llarimiz yordamida qarsak chalamiz

Suvda qarsak chalamiz va suvni zavq bilan shaloplatamiz. Vanna, tovoqdagi, soy suvi va deyarli har qanday hajmdagi suvni shaloplatishimiz mumkin.

Suvni sepamiz

Suvni bir-birimizga stakan yoki shunga o‘xshash narsa bilan sepib zavq bilan o‘yinaymiz. O‘ynash bola uchun har doim juda yoqimlidir. Bu kabi o‘yinlarni shahar tashqarisidagi hovli (dacha)da tashkillashtiring.

Oyoq yordamida suvni shapillatamiz

Bu harakatlarni suvi uncha ko‘p bo‘lmagan shishirma hovuzchalarda bajarish bir muncha qulay. Ammo bola onasini yoki mustahkam narsani qattiq ushlab olishi lozim. Tovoqchada ham bajarish mumkin. Bunda bola o‘yinga berilib yiqilib ketmasligi kerak. Bu kabi o‘yin uchun hovuzchadagi suv me'yorida bo‘lishi lozim.

Sayoz suv havzalarida ham bu harakatlarni bajarish mumkin. Biroq, eslatib o‘tamiz bolani qo‘lidan mahkam ushlab olgan holda.

Suvni o‘tirgan holda oyoqlar yordamida shaloplatamiz

Bolangiz o‘tirgan holda vanna yoki hovuzchada oyoqlarini cho‘zib, hamma yoqqa sachratib, suv yuzasiga ursin. Bu nafaqat qiziqarli balki foydali hamdir.

Tanamizni suvga tashlaymiz

Buni faqat puflama hovuzchalarda amalga oshirgan ma'qul. Suvning tagi toshli bo‘lmasa, plyajda ham bajarish mumkin, albatta. Turgan holda shapillatib o‘tirib olamiz. Sakrab o‘tirib olsa ham bo‘ladi. Hovuzdagi suv bola o‘tirganida yelkasidan ortmasligi kerak. 

Suvga qulaymiz

Bola tananing old qismi bilan suvga o‘zini tashlaydi. Buni shishirma hovuzchada bajarish qulaydir. Yo bo‘lmasa cho‘milish havzalari, plyaj suvining uncha sayoz bo‘lmagan yerida.

Ko‘ngilochar suv maskanlari

Xech nima akvaparkdek bolani suv havzasiga qiziqish bilan talpinishiga sabab bo‘la olmaydi. Agar tanlangan akvaparkda bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus joy bo‘lsa, albatta. Kichkinagina hovuzcha emas balki suv bilan bog‘liq naq bir olam qiziqarli hovuzlar. Agar bolangiz suvdan juda qo‘rqsa, uni akvaparkka tez-tez olib borib turishingiz lozim. Albatta, toblanish uchun mo‘ljallangan kursida yotib olishingiz emas, balki bolalar uchun mo‘ljallangan hovuzchaning ichida bo‘lishingiz lozim. Ertami kechmi qiziqib, bola sizga qo‘shila boshlaydi. Ammo bolani baqir-chaqirlar bilan suvga sudramang.

Suvdagi mashg‘ulotlarning asosiy qoidalari

Bola bilan shug‘ullanishni boshlashdan avval, bu majg‘ulotlar uchun o‘z vaqtingizni ajrata olish olmasligingizni chamalab olishingiz lozim. Faqat boshlagandan so‘ng muntazam shug‘ullanish kerak. O‘rgatganlaringizni bola tez unutib yuboradi. Bola mashg‘ulotlarni sevishi darkor. Bolangiz suvdan zavq olishi, vannaga, suv havzasi binosi yoniga yoki plyajga kelganida dodlashi emas, balki quvonchdan “qoyil!” deb hayqirishi lozim. 

Xech qachon, xech qanday natijaga yig‘i yoki salbiy emotsiya orqali erishib bo‘lmaydi. Albatta, bola xo‘mrayishi, norozi kayfiyatda bo‘lishi mumkin. Ammo siz o‘sha zahotiyoq uni kuldirib, tinchlantirib, chalg‘itishingiz shart.

Bolani vannada issiq yoki iliq suvda cho‘miltirib, suzishni o‘rgata olmaymiz. Balki bolani bo‘shashtirgan bo‘lamiz. Bolani suzishga sovuq suvda o‘rgatgan ma'qul. Erta suzish bo‘yicha mutaxassislar 21-24 gradusdagi suvda suzishni tavsiya etadilar. Ko‘pchilik onalar uchun esa bu harorat juda sovuq tuyuladi. Bu haroratdagi suvga o‘zlari ham tusha olmaydilar. Lekin ochiq suv havzalarida, plyajda bu xaroratdan pastroq suvda suzgan bo‘lardilar. Shunga qaramay vannada cho‘miltirayotganda asta-sekin suv haroratini pasaytirib boring. Juda bo‘lmaganda 26-28 gradusgacha. 30 gradusdagi suv juda iliq suv hisoblanadi. Bu haroratdagi suvda tanani bo‘shatishimiz mumkin, xolos.

Mashg‘ulotlarga ham bog‘lanib qolish yaramaydi. Suvni ham havodek tabiiy xolga yetkazish kerak. Bola suvdaligida turli qo‘shiqlar, she'rlar va topishmoqlarni aytishi ham mumkin.

Mashg‘ulotlar chog‘ida bolangizni maqtov so‘zlari bilan siylang. Xatto arzimas mustaqil harakati uchun ham maqtang. Bolani doim maqtab turing.

Bolangizga o‘z mehringizni ko‘rsating. Har qanday xolda ham uni qo‘llab-quvvatlang. Sho‘ng‘ishni bajarganida esa o‘pib qo‘ying. Buning barchasidan so‘ng, ishoning, bolangiz tez orada suzib ketadi.

Sarvar Ishoqov tayyorladi.

Teglar