Bor-yo‘g‘i 300 dona chiqarilgan avtomobil

  • 06:30 / 31.12.2014
  • 2869

1977 yilda amerikalik harbiylar italiyalik injyenerlarga mashina uchun buyurtma berishdi va tez orada “Cheetah” prototipi tayyorlandi. Biroq u harbiylarga ma'qul kelmadi. Injyenerlar esa uni takomillashtirishda davom etishdi. Shunday qilib, 1986 yilda oddiy fuqarolar uchun mo‘ljallangan “Lamborghini LM002” pikapi ishlab chiqarildi. 

“Lamborghini LM002”, asosan, Yaqin Sharq mamlakatlari: Livan, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistonida sotildi.

Ushbu avtomobilga hajmi 5.2 litrli 426 ot kuchiga ega V12 motori va besh pog‘onali uzatmalar qutisi o‘rnatildi.

Qudratli motor og‘irligi uch tonnali pikapning tezligini soatiga 200 kilometrga yetkaza olardi. Yoqilg‘i esa 100 kilometrga 50 litr sarflanardi.

Avtomobil saloni ustida Italiyaning eng yaxshi chevarlari va charmdo‘zlari mehnat qilishdi. Salonga to‘laligicha tabiiy charm va yog‘och bilan ishlov berilgandi.

Avtomobillar konditsioner tizimi, qoraytirilgan oynalar, premium-klassdagi stereotizim bilan jihozlangandi.

“Pirelli” firmasi bu avtomashina uchun maxsus “Pirelli Scorpion” shinalarini ishlab chiqargandi.

Rossiya hududida atigi bir dona “Lamborghini LM002” bo‘lib, bu mashinani “Brigada” serialining bosh qahramoni Sasha Beliy mingan.

1988 yilda kompaniya xorijlik mutaxassislar yordamida avtomobilni Parij — Dakar rallisiga tayyorladi. Avtomobil vaznini oshiruvchi barcha ortiqcha narsalar olib tashlandi. Dvigatel quvvati 600 ot kuchiga oshirildi. Avtomobil moliyaviy yetishmovchilik tufayli rallida qatnashmadi, lekin Misrda o‘tgan “Ralle des Pharaons” va Gretsiyadagi rallida ishtirok etdi.

1993 yili “Lamborghini LM002” modelini ishlab chiqarish to‘xtatildi. Yetti yil davomida atigi 300 dona avtomobil ishlab chiqarildi va sotildi.

Teglar