“Bosh vazir kubogi”: bosh sovringa 62 ta jamoa daʼvogar

  • 15:38 / 09.10.2019
  • 94

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy Tarbiya va Sport Vazirligi

2019-yil 4-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oʻtkazilgan 2020-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiada oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish boʻyicha olib borilgan ishlar natijadorligi va bu borada amalga oshiriladigan dolzarb vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari hamda hududlardagi yirik korxonalar va tashkilotlar xodimlarini sogʻlom turmush tarziga oʻrgatish, jismoniy tarbiya koʻnikmasini shakllantirish va ular oʻrtasida sportning ommaviyligini taʼminlash, shu maqsadda turli ommaviy madaniy va sport tadbirlari, jumladan, “Bosh vazir kubogi” musobaqasini oʻtkazish vazifasi yuklatilgan edi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabarlariga ko‘ra, mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yil 18-27-oktabr kunlari sportning futbol va voleybol turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri kubogi musobaqasi oʻtkaziladi. Unda turli vazirlik, tashkilot hamda idoralarda faoliyat olib borayotgan markaziy apparat xodimlari ishtirok etadi.

Futbol boʻyicha oʻtkaziladigan “Bosh vazir kubogi” musobaqasi vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlarining jismoniy rivojlanishini takomillashtirish hamda ularning jismoniy tarbiya va ommaviy sportga boʻlgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan. Ushbu musobaqada soha xodimlaridan tashkil topgan 62 ta jamoa gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Ayollar oʻrtasidagi voleybol musobaqalarida ishtirok etish uchun esa 11ta jamoadan talabnoma kelib tushgan.

Futbol musobaqalari “Bunyodkor” futbol akademiyasida oʻtkazilsa, yarim final va final oʻyinlari 26-27-oktabr kunlari “Milliy” stadionda tashkil etiladi. Musobaqaga qurʼa tashlash marosimi hamda matbuot anjumani 12-oktabr kuni soat 10:00da Jismoniy tarbiya va sport vazirligi binosida boʻlib oʻtadi.

Futbol va voleybol boʻyicha “Bosh vazir kubogi” musobaqasi gʻolib va sovrindorlari tashkilotchilarning qimmatbaho sovgʻalari, kubok va diplomlar bilan taqdirlanadi.