Boshqirdistondagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari orasida koronavirus infeksiyasi tarqaldi

  • 11:31 / 24.05.2020
  • 335

Boshqirdistonning Salavat tumani ma’muriy markazi Maloyaz qishlog‘ida yashovchi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari orasida koronavirus infeksiyasi tarqalgani ma’lum qilindi

Bu haqda Boshqirdiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Maksim Zabelin 21-may kuni bo‘lib o‘tgan brifingda koronavirus infeksiyasini yuqtirgan 68 nafar o‘zbekistonlik muhojir mahalliy mehmonxonada istiqomat qilishini aytgan.

Uning ma’lum qilishicha, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari Chelyabinsk viloyatidagi "Gorniy" issiqxona majmuasida ishlagan, ammo mahalliy "Skazka" mehmonxonasida yashab kelgan.

Maksim Zabelinning so‘zlariga ko‘ra, ularning barchasi COVID-19 test sinovidan o‘tkazilgan. Ular "Salavat tumani hududidagi tibbiy muassasalar asosida zarur yordamni olishadi" va mehmonxonada cheklov choralari joriy qilingan.

Rospotrebnadzor ma’lumotlariga ko‘ra, ishchilarning 53 nafarida test natijalari ijobiy chiqqan. Ularning sakkiztasi kasalxonaga yotqizilgan (beshta Mesyagutovskiy markaziy kasalxonasiga, uchtasi Kiginskayadagi shifoxonasiga), qolganlari virusni yengil shaklda olib, mehmonxonada davolanmoqda. Mehmonxonada o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish uchun jami 60 kishi karantinga olingan. Bemorlarning aloqa doirasidan 28 kishi izolyatsiyaga jo‘natilgan. Karantinga olinganlar orasida uchta koronavirus uchun ijobiy test aniqlangan –ikki nafar issiqxona ishchisi va bir nafar do‘kon ishchisi.