Bu illatlardan tezroq qutulish darkor

  • 14:20 / 19.01.2015
  • 4528

Har birimiz hayotimizda hech bo‘lmasa bir marta bu tuyg‘ularni boshimizdan kechirganmiz. Agar bir marta bo‘lsa mayli, lekin bu holat tez-tez bo‘lsa-chi? Ular hayotimizga qanchalik salbiy ta'sir ko‘rsatishini o‘ylab ko‘rganmizmi?

Mana o‘sha to‘rt illat: 

1. Hasad qilish

Agar siz hasad qilayotgan odamingiz bilan hech bo‘lmasa bir kun o‘rin almashib ko‘rganingizda edi, bu sizga unchalik ham yoqmagan bo‘lardi. Har bir insonning o‘z qayg‘u va tashvishlari bo‘ladi.

Hech qachon o‘zingizni boshqalar bilan taqqoslamang, har bir odamning o‘z o‘tmishi, o‘z iqtidor va imkoniyatlari, o‘z muammo va quvonchlari bo‘ladi. Hasaddan foyda yo‘q.

2. Xafa bo‘lish

Xafalik bu siz kutgan narsaning bo‘lmasligidan kelib chiqadi. 

Tasavvur qiling, ko‘chada ketayotib qoqilib yiqilib tushdingiz va qo‘lingizdagi narsalar sochilib ketdi. Sizdan nariroqda ko‘zi ojiz odam turibdi. Siz undan hech qanday yordam kutmaysiz, tabiiyki, u sizga yordamga yugurmagani uchun undan aslo xafa bo‘lmaysiz. Agar yoningizda hamkasbingiz bo‘lsayu, u sizning yerda sochilib yotgan narsalaringizni terib yurganingizni jimgina tomosha qilib tursa, undan bir umr xafa bo‘lib yurasiz.

Xafa bo‘lmaslikning eng yaxshi yo‘li esa hech kimdan hech narsa kutmaslikdir. Odamlar sizdan qarzdor emaslar: ular sizga yordam berishga, sizni tushunishga, sizni qo‘llab-quvvatlashga, sizga g‘amxo‘rlik qilishga majbur emaslar. Hamma narsani boricha qabul qiling.

Bu degani hamma bilan qo‘pol munosabatda bo‘lish lozim degani emas. Shunchaki, o‘zgalarning yordamini kutib, kutganingizni ololmay xafa bo‘lib yurgandan ko‘ra hech kimdan umid qilmagan ma'qulroq.

3. Nolish

Agar inson nolishga o‘rganib qolsa, hayoti yaxshimi-yomonmi, noliyveradigan bo‘lib qoladi. Hadeb noliyveradigan odam hayotida faqat salbiy narsalarnigina ko‘radi va boshqalarga ham bu haqda aytishga shoshiladi.

Hayotni aniq baholovchi mezon yo‘q, u siz qanday ko‘rayotgan bo‘lsangiz, o‘shanday bo‘ladi. Agar hayotingizning faqat yomon tomonini ko‘rayotgan bo‘lsangiz, demak hayotingiz yomon. Bu haqda boshqalarga ham aytib nolishdan nima foyda? 

4. G‘iybat qilish

Eng so‘nggi illat o‘zgalarni “chaynash”. Juda ko‘pchilik boshqalar haqida soatlab gapirishni, ularni muhokama qilishni xush ko‘radi. 

Bu dunyoda hamma xato qilishga haqli, hech kim avliyo emas. Siz hech qachon boshqa odamning ichiga kirib chiqmagansiz, u qanday yashayotgani, qanday yashagani, miyasida qanday o‘ylar borligini bilmaysiz. O‘zgalarni g‘iybat qilish xuddi tomoshabinlarning baqir-chaqiriga asoslanib futbol o‘yinini ko‘r-ko‘rona sharhlashga o‘xshaydi.