Buxoro shahridagi xonadonda giyohvandlik moddasini iste’mol qilayotgan 6 nafar shaxs ushlandi

  • 09:22 / 04.09.2021
  • 152

Buxoro shahar IIO FMB xodimlari tomonidan, Mahmud Tarobiy mahallasidagi xonadonlardan birida noma’lum shaxslar to‘planib turganligi to‘g‘risida olingan tezkor ma’lumot asosida mazkur manzil ko‘zdan kechirilgan. Bu haqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1998-yilda tug‘ilgan O.M. ismli shaxs 1,5 litr hajmli yelim idish (baklajka) va uning og‘iz qismiga o‘rnatilgan folga qog‘oziga “Marixuana” giyohvandlik moddasini o‘zi bilan birgalikda mazkur xonadonda bo‘lgan fuqarolar F.E., I.K., N.M., Sh.M. ismli yigitlar va M.B. ismli qiz bilan birga iste’mol qilayotganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O.M. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 274-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida geroin sotish bilan shug‘ullangan 19 yashar “kladmen” qo‘lga olingani haqida xabar qilingan edi.