Chet tillarini o‘rganishga ko‘maklashuvchi kundalik 10 layfxak 

  • 15:20 / 13.02.2020
  • 896

 Chet tilini qanday qilib ijodiy o‘rgansa bo‘ladi? Bu masalada amaliy maslahatlar to‘plami juda ham zarur. Ulardan foydalanib, hatto o‘zingiz sezmagan, ammo atrofdagilarni hayratlantirgan holda o‘rganayotgan tilingizda so‘zlay boshlaysiz.    

1. Hali farzandlik bo‘lmasangiz ham, yoki bolalaringiz allaqachon voyaga yetgan bo‘lishsa ham bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarni o‘qing.
 
Chet tilida yozilgan bolalar kitoblaridagi hikoyalar tuzilishi, grammatik jihatidan ham juda oddiy so‘zlarini tushunib olish oson. Ularda suratlar ko‘p. Maqsadni ilg‘ab olishingizga ko‘maklashadi. Mualliflar bolalar uchun keng tarqalgan so‘zlarni va klassik grammatikani qo‘llashadi.
 
Bolalar kitoblaridagi voqealarni eslab qolish juda ham foydali. Asosiy bog‘lanishlar, so‘zlar xotiraga tez o‘rnashadi va zarur paytda tezgina yodga tushadi.
 
Chet tilida yozilgan bolalar kitoblarini topish juda oson. Ularni o‘qishga uyalmang. Axir siz matematikani o‘rganishni differensial tenglamalardan boshlamagansizku? 
 
2. Uyda kinoteatr tashkil qilib, to‘liq metrajli multfilmlar tomoshasini boshlang.  

Butun oila bilan “multik” tomosha qilish va bira to‘la chet tilini o‘rganish “zo‘r gap”. Zamonaviy to‘lametrajli multfilmlarni ko‘rish hamma uchun qiziq – bolalar uchun bir jihati kulgili bo‘lsa, kattalar uchun boshqa jihati muhim. Syujetlar qiziqarli va hamma vaqt ham bolalarcha oddiy emas, dialoglari ham kattalar filmlariga qaraganda “mazali”. Ayrim gaplari faylasuflarning fikrlari bilan bellasha oladi.

Aktyorlarning turli aksentlarda gapirib ovoz berishi til o‘rganishda katta yordam beradi. Bir so‘zning turli ohanglarda va talaffuzda qanday yangrashini tushunib olasiz. “Multik”larda bolalarga tushunarli bo‘lishi uchun zamonaviy so‘zlashuv uslubi qo‘llaniladi. Demak, bu jihati ham sizga ma’qul keladi.  

3. Subtitrli serial va filmlarni tomosha qiling. 
Bironta so‘zni tushunmay qolmaysiz. Agar kinoni kompyuter orqali ko‘rishga o‘rganib qolgan bo‘lsangiz, unda internetdan istalgan filmni subtitri bilan topa olasiz. 
Tilni o‘rganish uchun dastlab subtitrning o‘z ona tilingizda yozilganini tanlang. Tarjima qilingan subtitrlar a’lo darajada bo‘lmasligi mumkin, biroq asosiy maqsadni beradi.   
 
4. Sport tadbirlarini tomosha qiling
Sport kanalini o‘z tilingizda ko‘rishga ko‘nikkan bo‘lsangiz, o‘rganayotgan tilingizda ko‘rish yanada foydaliroq bo‘ladi. Sport sharhlovchilari asosan barcha tillarda birdek qo‘llaniladigan so‘z va terminlarni ishlatishadi. Boshqa tillarda uzatilgan sport musobaqalarini tomosha qilganmisiz? Garchi, tarjima qilinmasa ham nima bo‘layotganini tushungansiz, to‘g‘rimi? Qolaversa, maydonda bo‘layotgan voqealar sharhlanadiku. O‘yinchilarni nomma-nom bilganingizdan keyin, nima murakkabligi qoladi? 
 
5. Foydali – kulgili yoki qiziqarli-foydali bloglarni o‘qing.  
Qisqa va boy materiallar tilning o‘ziga xos “ayyor”liklarini o‘zlashtirib olishga ko‘maklashadi.  Misol uchun, Olli Richards (Olly Richards)ning I Will Teach You A Language blogiga e’tibor bering. U 7 tilda gapiradi – poliglot, boshqalarga ham til o‘rganish borasida maslahatlar beradi.
 
Talabalar bilan har kuni shug‘ullanadigan odamlardan doimiy ravishda layfxaklar olib turing. Irlandiyalik Benni Lyuisning Fluent in 3 Months blogiga ham ko‘z tashlab qo‘yishni unutmang. U chet tillarni o‘rganish maqsadida 11 yildan buyon dunyo bo‘ylab sayohatda yuribdi.
 
6. O‘z yurtingizda qolgan holda o‘rganayotgan tilingiz ko‘p qo‘llaniladigan idoradan ish topishga harakat qiling. (Agar o‘sha chet davlatga borsangiz, o‘rganishingiz tezlashadi.)
   
Istiqomat qilayotgan joyingizdan asosiy yoki qo‘shimcha ish topingki, bu ish o‘sha tilni qo‘llash imkonini yaratsin. Masalan, chet elliklarga yordam beruvchi yoki chet el bilan hamkorlik qiluvchi volontyor tashkilotlar, jamg‘armalar bo‘lishi mumkin. Albatta, chet tilida bemalol gaplasha oladigan xodim zarur bo‘lgan yirik korporatsiyalarga ishga olmasliklari mumkin. Biroq, til o‘rganishdek oson narsa sizni bu yo‘ldan qaytarishi mumkinmi?
 
7. Qurilmalardagi tilni o‘zgartiring

Bizni o‘rab turgan interfaol qurilmalar juda ko‘p – smartfonlar, planshetlar, “aqlli” televizor va muzlatgichlar. Siz ulardan o‘z ona tilingizda foydalanishga ko‘nikib qolgansiz. Endi ularni o‘rganayotgan tilingizga o‘zgartirib qo‘ying. Notanish belgilarning ma’nosini internet orqali bilib oling. Bu ham g‘alaba sari bir qadam yaqinlashtiradi.    

8. Hamma veb-sayt va dasturlaringizni o‘rganayotgan tilingizga ulang  
Xuddi oldingi maslahatga ham o‘xshab ketadi. Biroq ko‘proq sabr va bardoshni talab qiladi. Asta-sekinlik bilan pochtangizni, ob-havo ma’lumotini va kompyuteringizdagi dasturlarni ham o‘sha tilga moslang. Ha, oson bo‘lmaydi. Dastlab sudraladi, keyin tezlashib ketadi. Mana ko‘rasiz, o‘ylaganingizdan ham tezroq o‘rganib ketasiz.  
 
9. Kurslarga qatnashing
Qanaqa kurs bo‘lishidan qat’iy nazar, darslari siz istayotgan tilda o‘tilsin. Katta shaharlarda bunday kurslarni topish oson. Siz til o‘rganayotgan davrda sevimli mashg‘ulotingiz bilan shug‘ullansangiz miya beixtiyor o‘sha tilga moslasha boradi.  
 
10. Qo‘shiqqa jo‘r bo‘ling. Uyalmang 
Oddiy va kayfiyatni ko‘taruvchi usul. Chet el qo‘shiqlarini eshitishni xushlaysizmi? Ularni aytishnichi? Atrofdagilardan xijolat bo‘lsangiz, xoliroq joy toping. Tilingiz chet so‘zlarni talaffuz qilishda doimiy mashq qiladi. Yoqtirgan qo‘shig‘ingizdagi so‘zlarni eslab qoling. Uning so‘zma so‘z va adabiy tarjimasini toping. Avvalo, qo‘shiqchi nega bu qadar “chiranayotganini” tushunib yetasiz. Qolaversa, ijrochiga ritmdan tortib aksentgacha jo‘r bo‘layotganda, tushunib qo‘shilasiz. 
Yoqdimi? Istagan layfxakingizni tanlab olingda, sevimli ishingizdan ajralmagan holda til o‘rganishga kirishing. Unutmang: faqat odamdagi erinchoqlikkina “mumkin” bo‘lgan narsani “mumkin emas”ga aylantira oladi.