Chiroqchida chiroqsiz qolgan aholi “Afrosiyob” tezyurar poyezdining yo‘lini to‘sib qo‘ydi

  • 17:26 / 08.06.2021
  • 374

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tuman “Ayratom” qishlog‘i fuqarolari temiryo‘l ustiga yig‘ilganligi aks etgan video tarqaldi. 

Mazkur holat yuzasidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, kecha, 7-iyun kuni taxminan ertalab soat 09:00 dan 10:20 larga qadar “Qarshi mintaqaviy temiryo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli Ayratom temiryo‘l bekati hududida Chiroqchi tuman “Ayratom” qishlog‘i fuqarolari temiryo‘l ustiga yig‘ilgan.

Aholining temiryo‘l bekatiga yig‘ilishining asosiy sababi qishloq ahli tuman hokimi Xurram Jo‘rayevdan qishloqda elektr energiyasi ta’minoti qoniqarsiz bo‘lganligi uchun qishloqni elektr energiyasi bilan ta’minlash, ya’ni qishloqqa keladigan elektr energiyasini boshqa kuchliroq “Transformator”ga ulashni so‘ragan. 7-iyun kuni soat 9:00 larda tuman hokimining qishloqqa tashrifi kutilgan.

Tuman hokimi belgilangan vaqtda “Ayratom” qishlog‘iga elektr energiyasi masalasini hal qilish uchun kelmaganligi sababli aholi temiryo‘l atrofiga yig‘ilgan.

Toshkent – Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi grafik bo‘yicha ushbu bekatdan soat 10:48 da o‘tib ketishi belgilangan.

Poyezd kelishidan taxminan 28 minut oldin Chiroqchi tuman hokimi X.Jo‘rayev o‘zi kelib, temiryo‘l atrofida yig‘ilgan qishloq aholisini “Ayratom” qishlog‘i Mahalla fuqarolar yig‘iniga olib ketdi va ularning muammolari atroflicha o‘rganilib, tushuntirish ishlari olib borildi.

“Afrosiyob” tezyurar poyezdi grafik bo‘yicha ushbu bekatdan soat 10:48 da o‘tib ketgan. Poyezd to‘xtamagan va hech qanday zarar yoki talofat bo‘lmagan.