Chiroqchida yo‘l qoidasini buzgan YPX inspektori mahalliy aholi tomonidan “qo‘lga tushirildi”

  • 12:03 / 12.01.2020
  • 890

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida YPX xodimi mast holatda avtomobil boshqargani va fuqarolar uning yo‘lini to‘sib, unga nisbatan chora ko‘rilishini talab qilishayotgani aks etgan video tarqaldi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati IIB YHXB YPXB 2-YPX otryadi komandiri tomonidan tasdiqlangan kunlik xizmat taqsimotiga asosan 2-YPX otryadi 2-safarbarlik guruhi YPX katta inspektori katta serjant Yarmatov Nasibali Saydullayevich 2019 yil 11 yanvar kuni Chiroqchi tumani hududi bo‘ylab jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarini oldini olish va qoidabuzar haydovchilarni aniqlash va ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish maqsadida xizmatga jalb qilingan.

Shu kuni soat 14:20larda Chiroqchi tumani “Mikrokredit bank” ro‘parasida o‘rnatilgan 3,27 yo‘l belgisiga amal qilmasdan to‘xtab turgan “Labo” rusumli 70 J 787OA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi Nurimov Shoxruxning oldiga borib, o‘zini tanishtirib, o‘ziga va avtomashinaga tegishli hujjatlarini taqdim etishni so‘raganida, fuqaro Sh.Nurimov YPX inspektoriga hujjatlari uyida qolib ketganligi, avtomashinani esa tegishli hujjatlarsiz boshqarib yurganligini aytgan. 

Inspektor “Yo‘l harakati qoidalari”ning 7 va 92-bandlarida ko‘rsatilgan qoidabuzarlikni sodir etganligi uchun unga nisbatan UZ-19-seriyali 70-267453-raqamli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani jarima maydonchasiga qo‘yish maqsadida ketgan.

Ushbu avtomashinani jarima maydonchasiga olib ketayotgan vaqtida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Spark” rusumli 70 G878OA davlat raqam belgili avtomashinani majburiy to‘xtash chiroqlarini yoqib, “Mikrokredit bank” ro‘parasida o‘rnatilgan 3,27 yo‘l belgisi ta’sir doirasida qoldirib ketadi. 

Bu holat jarima maydonchasiga olib ketilgan “Labo” rusumli avtomashina haydovchisi fuqaro Nurimov Sh.ning e’tiboridan chetda qolmaydi va YPX inspektorining o‘ziga ham avtomashinasini 3,27 yo‘l belgisi ta’sir doirasida qoldirib ketganligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishni talab qiladi. 

Shundan so‘ng Chiroqchi tumani IIO FMB YHXB boshlig‘i kapitan F.Yangiboyev tomonidan katta serjant N.Yarmatovga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2015 yil 24 dekabr kunidagi 370-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalari”ning 7-bandida ko‘rsatilgan qoidabuzarlikni sodir etganligi uchun UZ-19-seriyali 70-263256-raqamli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. 

Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan viloyat IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruv o‘tkazilmoqda.