Davlat bojxona qo‘mitasi sobiq xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligini tasdiqladi                                                                                                      

  • 15:23 / 14.02.2020
  • 148

 “Samarqanddagi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor vakili qamoqqa olindi” mazmunidagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi o‘z rasmiy saytida munosabat bildirdi. 

Munosabatda izohlanishicha, 2018-yil yanvar oyida sobiq bojxona xodimi S.Sh.Z. Samarqand shahrida joylashgan “Temir Servis Plyus” MChJga qarashli TIR parkiga borib, u yerda respublika hududidan tranzit ravishda o‘tib ketishi kerak bo‘lgan va bojxona nazorati ostida turgan yuk avtotransport vositasini go‘yoki tezkor tadbir o‘tkazish maqsadida olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan. Bu holat esa aynan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan olib borilgan ichki tezkor tekshiruv harakatlari natijasida aniqlangan va mazkur holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi sobiq xodimi S.Sh.Z. o‘z xatti-harakatlari bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzganligi uchun bojxona organlaridan bo‘shatilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 2019-yil 8-fevral kuni Jinoyat kodeksining 182- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va to‘plangan ish hujjatlari tergov harakatlarini olib borilishi uchun DXX Tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur jinoyat ishi doirasida fuqaro S.Sh.Z.ga nisbatan 2019-yil 11-fevral kuni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirgi kunda fuqaro S.Sh.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 182- va 211-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rilmoqda, deb keltiriladi bojxona saytida.