Davlat mulki obyektlarining doimiy foydalanish huquqini sotish tartibi joriy etiladi

  • 10:32 / 14.08.2019
  • 207

Farmonga muvofiq, 2020-yil 1-fevralga qadar Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishni aprobasiya qilish bo‘yicha quyidagi maqsadlarda huquqiy eksperiment o‘tkaziladi:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarining va mexanizmlarni amalda qo‘llash samaradorligini aniqlash;

xususiylashtirish sohasidagi mas'ul davlat organlari vakolatlarining amaliy samaradorligi, tartibga solinadigan munosabatlarni to‘liq qamrab olinishi jihatidan monitoring o‘tkazish;

ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish va aholini biznes bilan shug‘ullanishga jalb qilish;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish.

2019-yil 1-sentyabrdan boshlab foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini (ta'lim muassasalari (akademik lisey va kasb-hunar kollejdan tashqari), sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat obyektlari) hamda davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqini xo‘jalik faoliyatiga jalb qilish va sotish tartibi joriy etiladi. 

2019-yil 1-oktyabrdan boshlab quyidagi tartiblar o‘rnatiladi:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari faqat “E-IJRO AUKSION” orqali taqdim etiladi (Prezident va Hukumat qarorlariga ko‘ra yer uchastkalari berilishi bundan mustasno);

jismoniy va yuridik shaxslarga “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimida yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi ma'lumotlarini (keyinchalik elektron onlayn-auksionga qo‘yish uchun) joylashtirish bo‘yicha takliflar kiritish huquqi beriladi.

Hujjat haqidagi to‘liq ma'lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.