«Davlatimizning rivojlanishiga xalal berishga hech kimning haqqi yo‘q!» - Ochilboy Ramatov Nurafshonda yig‘ilish o‘tkazdi

  • 22:34 / 12.06.2019
  • 388

Bugun, 12 iyun kuni Nurafshon shahrida viloyat faollari, masalaga taalluqli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishda davlat rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi mobaynida berilgan topshiriqlarning ijrosi muhokama qilindi, jarayonning borishi bo‘yicha mas'ullarning hisoboti tinglandi.

«Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ajratilgan bir trillion yuz milliard so‘mni tiyin tiyinigacha maqsadli sarflashimiz kerak.

Yog‘ochning bo‘shini qurt yeydi. Bo‘sh bo‘lmanglar. Ayniqsa, davlatning yerini, binosini qachondir qop-qop va'da berib kimdir olgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ishlatmasdan kelayotgan bo‘lsa, ularga qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish kerak. Kerak bo‘lsa, qo‘lidan ish keladigan investorlar topamiz. Davlatimizning rivojlanishiga xalal berishga hech kimning haqqi yo‘q!

Toshkent shahrini suv bilan ta'minlaydigan viloyatning o‘zida ichimlik suvi muammo bo‘lsa, buni qanday tushunish mumkin?

Shuning uchun, davlat rahbari tomonidan viloyatga ajratilgan mablag‘, eng avvalo, ichimlik suvi muammosini hal qilishga yo‘naltiriladi. 

Shuningdek, yo‘lsozlik, sog‘liqni saqlash, xalq ta'limi kabi sohalar ham respublika budjetidan ajratilgan mablag‘ni yo‘naltirishda ustuvorlik kasb etadi.

Bu ishlarni bekamu ko‘st amalga oshirish uchun viloyat rahbarlari atrofiga xalq, viloyat faollari birlashishi kerak», deya bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.

Shuningdek, mablag‘larning sarflanishi, amalga oshirilayotgan ishlar haqida xalqni xabardor qilib borish, jarayonning ustidan kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida OAV bilan faol hamkorlik qilish tavsiya etildi.