Deniel Starrij – zerikishga vaqt yo‘q

  • 10:37 / 09.05.2015
  • 5168

XABARDOR.UZ: Ushbu mavsumda Angliya premer-ligasida maydonga kam tushayotgan Deniel Starrij foydali mashg‘ulotlarga qo‘l urmoqda. Bunga o‘zingiz ham guvoh bo‘lishingiz mumkin.

 

Bekxem bilan birgalikda bolalarga yordam bermoqda

O‘tgan yilning oxirida Deniel Buyuk Britaniyadagi yirik supermarketlar tarmog‘i bo‘lmish “Sainsbury”ning ijtimoiy loyihasi elchisiga aylandi. “Active Kids” deb nomlangan ushbu loyiha barcha yoshdagi bolalarni sport bilan shug‘ullanishga jalb etishga va sog‘lom taom yeyishga undashga yo‘naltirilgan. Starrij “Active Kids”ning boshqa elchilari — Devid Bekxem, Londondagi Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblari Elli Simmonds va Jonni Pikoklar safiga qo‘shildi.

Starrij juda to‘g‘ri yo‘lni tanladi, zero u bolaligidan ovqat tayyorlashni yoqtiradi. U turli aksiyalarda ishtirok etadi va bolalarga foydali taomlar tayyorlaydigan oshpaz rolini bajaradi. U oshpazlik mahoratini yaqinda Liverpuldagi Avliyo Pavel boshlang‘ich katolik maktabida namoyish etdi.

Deniel uyida ham ovqat tayyorlashni xush ko‘radi. “Menga taom tayyorlashni onam Greys o‘rgatgan”, – deydi hujumchi.

Ular yaqinda birgalikda jo‘ja go‘shtidan taom tayyorlashdi.

 

Fastfudda ishladi

O‘tgan yilning yozida Starrij Bostondagi fastfudlardan birida ishladi. Klubdoshi Xenderson bilan birgalikda u “Liverpul”ning “Subway” tarmog‘i bilan hamkorlik kelishuvi doirasida buterbrodlar tayyorladi. Deniel tovuq go‘shtli buterbrod va salyamili sendvich tayyorlash vazifasini a'lo darajada bajardi.

Ish vaqti nihoyasiga yetgach, futbolchilar dastxat ulashishdi va xohlovchilar bilan birga suratga tushishdi.

Pele va Starrij ishtirokidagi “Subway” reklamasiga o‘zingiz baho berishingiz mumkin.

 

Boshlang‘ich maktab o‘quvchilari bilan uchrashdi

Deniel “Active Kids” dasturidan tashqari ham bolalar bilan uchrashib turadi. O‘tgan yilning bahorida u “Enfild” yaqinida joylashgan maktabga bordi.

Hujumchi bolalarga “Starrijning golni nishonlash uslubi haqida nima deysiz?”, deya savol berdi.

 

Yangi raqsni namoyish etdi

Starrijning hayotida musiqa va raqs ham muhim o‘rin egallaydi. Uning gollarni o‘ziga xos nishonlash uslubi ko‘pchilikka manzur, lekin Deniel navbatdagi jarohatidan forig‘ bo‘lib maydonga qaytsa, gollarini boshqacha tarzda nishonlashi tayin. Forvard bu raqsiga nom ham topib qo‘ygan – “Feed the Ducks” (O‘rdaklarni ovqatlantirish). 

Starrij yangicha raqsini aprel oxirida “Liverpul”ning yosh muxlisasi va xip-xop uslubidagi eng yaxshi raqqosa Steysi bilan bo‘lib o‘tgan raqs bellashuvida namoyish etdi. 

 

Kapoeyra san'ati bilan shug‘ullanib ko‘rdi

JCh-2014 boshlanishidan oldin Starrij Danni Uelbek bilan Rio-de-Janeyro bo‘ylab sayr qildi va brazilcha yakkakurash san'ati – kapoeyrada o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Yigitlar bir necha harakatlarni o‘rganishdi, lekin Denielning harakatlari qiz bilan raqs bellashuvidagi kabi chiqdi.

 

Komik bilan uchrashdi

Aprel o‘rtalarida Starrijni “BT Sport” telekanaliga taklif qilishdi va “Liverpul” hamda “Aston Villa” o‘rtasidagi Angliya Kubogi yarim finali uchrashuvi oldidan bir nechta savolga javob berishini so‘rashdi. Suhbat unchalik ham jiddiy bo‘lmadi, chunki savollarni unga taniqli komik Darren Farli berdi.

 

Faxriy mukofotni topshirdi

Jahon chempionati yakunlanishi bilanoq Deniel afroamerikaliklarning musiqa, sport va boshqa sohalardagi yutuqlarini taqdirlash marosimi “BET Awards”da ishtirok etish uchun Los-Anjyelesga yo‘l oldi. Forvard “Pop/R&B yo‘nalishidagi eng yaxshi ijrochi” nominatsiyasidagi mukofotni MFL yulduzi Deshon Jyekson va aktyor Borisom Kojo bilan birga topshirdi. G‘olib Farrell Uilyams bo‘ldi.

 

Las-Vegasda bir nechta jangni tomosha qildi

O‘tgan yili Deniel Las-Vegasga bordi va mashhur “Mandalay Bay”da bir nechta janglarni tomosha qildi hamda afsonaviy MMA kurashchisi Chak Liddell bilan suratga tushdi.

 

Ikkita sinovda qatnashdi

Sayyoramiz bo‘ylab keng ommalashgan “Ice Bucket Challenge” tadbiridan Starrij ham chetda qolmadi, biroq bu u ishtirok etgan yagona sinov emas. “Liverpul”ga endigina kelgan chog‘ida u “qizillar”ning o‘sha paytdagi darvozaboni Pepe Reynaning “Batak Challenge”da musobaqalashish taklifini qabul qilgandi. Bu maxsus mashg‘ulot mashinasi sportchilarning chaqqonligi va e'tiborliligini sinovchi hamda oshiruvchi mashinadir.

Runi bilan van Persi ham ana shu bellashuvda ishtirok etishgan

 

Starrij ham Reynaning chaqirig‘ini qabul qildi. Ularning har birida 30 soniya ichida ko‘proq ochko to‘plash uchun uchtadan imkoniyat bor edi. Reyna bir ball farqi bilan g‘olib chiqdi, Starrij esa sinovdan so‘ng ispaniyalik futbolchi katta farq bilan g‘olib bo‘lishi kerakligini bildirdi.

 

Ajdodlarini unutmaydi va xayr-saxovat ishlari bilan shug‘ullanadi

 

Hujumchi bobosi va buvisi yashaydigan Yamaykaga tez-tez borishga harakat qiladi. Darvoqe, uning bobosi bir necha yillar ilgari stol tennisi bo‘yicha orol chempioni bo‘lgan. 2013 yilning yozida Yamaykaning yirik shaharlaridan biri Portmorda Starrij yoshlarni sportga jalb etuvchi xayriya jamg‘armasini tashkil etgan. “Liverpul” hujumchisi “Digicel” kompaniyasini ham (Karib havzasidagi 30dan ortiq mamlakatda faoliyat ko‘rsatuvchi mobil operatori) ushbu tashabbusini qo‘llab-quvvatlashiga erishdi va kompaniya Portmordagi boshlang‘ich maktablardan birini rivojlantirish uchun yarim million dollar mablag‘ ajratdi.

 

Qashshoq hududlardagi bolalarga yordam beradi

Starrij “Street League” deb nomlanuvchi yana bir ijtimoiy loyihada ham faol ishtirok etadi. Bu tashkilot futboldan kambag‘al hududlardagi yoshlarning hayotida ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun foydalanadi. Ayni paytda Buyuk Britaniyada yettita “Street League” akademiyasi faoliyat ko‘rsatadi. Bu akademiyalarning bitiruvchilari nafaqat ta'lim va ish joyiga ega bo‘lishadi, balki yuqori darajadagi futbol bilan shug‘ullanish imkoniyatini ham qo‘lga kiritishadi.

“Bu bolalarni juda yaxshi tushunaman, – deydi Starrij. – Men o‘zim ham kambag‘al hududda yashaganman. Baxtimga, ota-onam va futbol mening shu darajaga yetishimga yordam berdi”.

“Street League”ning bosh homiylaridan biri “Hyundai” kompaniyasi hisoblanadi, ushbu loyihada Starrij bilan birgalikda Robin van Persi va Sesk Fabregas ham faol ishtirok etishadi.

Teglar