Doimiy jismoniy faollik yurak qon-tomir tizimiga qanday ta'sir qiladi?

  • 08:42 / 21.02.2019
  • 2783

Doimiy mashg‘ulotlarning kundek ravshan foydasi haqida alohida to‘xtalish shart emas. Ular bizni tetikroq qiladi, kaloriyalar sarflanishini oshiradi va aqliy funksiyalarni ham yaxshilaydi. Biroq aniqlanishicha, mashg‘ulotlarning ijobiy ta'siri shular bilangina cheklanmaydi.

Yil davomidagi muntazam mashg‘ulotlar yoshartiruvchi ta'sir ko‘rsatadi. Yaqinda olimlar 75 yoshli kishilar guruhida qiziq bir tajriba o‘tkazishdi. Ulardan bir qismi bir necha o‘n yillardan beri doimiy ravishda sport bilan shug‘ullangan. Bu yugurish, velosiped minish yoki mashg‘ulotlarning boshqa turi bo‘lgan. Faollik haftasiga o‘rtacha 7 soatni egallagan. Ikkinchi guruh esa kamroq faol bo‘lgan, biroq nol darajasida emas. Bundan tashqari, tajribada mashg‘ulotlarga haftasiga 7 soat sarflaydigan 25 yoshlilar guruhi ham ishtirok etgan.

Olimlarni yurak qon-tizimi va skelet muskullari holati qiziqtirdi. Tadqiqot uchun mushak to‘qimasining kichik namunasi olindi. Bundan tashqari, ishtirokchilarda mashg‘ulotlarning ilk daqiqalarida kislorodni iste'mol qilish va chidamlilik ham baholandi.

Tadqiqotdagi tanlamaning kichikligiga qaramay, olimlar mashqlar bilan shug‘ullanadigan 75 yoshlilarning yurak qon-tomir tizimi 45 yoshlilardagi kabi ekani haqidagi xulosaga kelishdi. Skelet mushaklariga kelsak, ular 25 yoshlilar mushaklariga deyarli teng bo‘lgan.

Yosh o‘tgani sayin odamda kislorod iste'mol qilish qobiliyati pasayadi. Jarayon 30 yoshdan keyin boshlanadi. Har 10 yilda iste'mol qilinadigan kislorod darajasi deyarli 10 foizga kamayadi. Aynan shuning uchun ham yoshi katta odamlarda jismoniy mashg‘ulotlar, jumladan, tetik yurish vaqtida ham nafas siqilishi va nafas bilan bog‘liq boshqa muammolar mavjud.

Olimlarning fikrlariga ko‘ra, keksalik vaqtida o‘zini nisbatan formada ushlab turish uchun kuniga hech bo‘lmaganda 40 daqiqa piyoda yurishning o‘zi kifoya. Suzish hovuzi, yugurish yoki mashg‘ulotlar zaliga haftasiga bir marta borish imkoniyati mavjud bo‘lsa, bu – naqadar ajoyib. Bu kabi profilaktikani 20-25 yoshda boshlagan ma'qul. Ana shunda mushaklar va yurak qon-tomir tizimini yaxshi holatda saqlab qolasiz.

Teglar