Dunyo tajribasi: karantin qoidalarini buzganlarga qanday jazo choralari qo‘llaniladi?

  • 10:10 / 25.03.2020
  • 271

“COVID-19” bilan bog‘liq pandemiya avj olib ketgach, bir nechta qit’a vakillari uyda qolib, o‘z jonini asrashga urinmoqda. Butun dunyo ekspertlari o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish – kasallik yuqtirib olmaslikning eng to‘g‘ri yo‘li ekanligini aytishmoqda. Ayrim fuqarolar ikki oylik oziq-ovqatini g‘amlab, uyda o‘tirgan mahalda boshqa birovlar karantinni bo‘lmag‘ur chora, deb hisoblashmoqda. Shu bois barcha mamlakatlarda karantindan bo‘yin tovlagan kimsalarga turli darajadagi jazo choralari qo‘llanilmoqda. 

Italiya
Koronavirusdan vafot etganlar soni bo‘yicha Xitoydan o‘zib ketgan Italiya davlatida karantin choralarini buzganlarga 206 yevro miqdorida jarima belgilangan. Biroq o‘z ozodligini barcha narsadan ustun qo‘ygan mahalliy aholi vakillari ommaviy tarzda uydan chiqib yurishibdi. Shu bois hukumat epidemiya o‘choqlaridan biri bo‘lgan Lombardiyada jarima miqdorini 5 ming yevroga qadar oshirdi. Ayrim hollarda jarima uch oylik qamoq jazosiga almashtirilishi ham mumkin.
Biroq bu jazo ham odamlarni qo‘rqita olmayapti. Sohilda bemalol toblanib yotgan aholi vakillarini vertolyotlar bilan quvishga to‘g‘ri kelyapti. 

Xitoy
Xitoy kasallik epidemiyasi chog‘ida eng qaqshatqich jazo choralarini qo‘lladi. Shu bois ham xastalikni yenga oldi. Xitoy Jinoyat kodeksida o‘z kasalligini bila turib jamoat joyiga chiqqanlarga o‘lim jazosi tayinlanishi yozib qo‘yilgan. Umumiy qilib aytganda, Xitoy hukumati koronavirus bilan bog‘liq 21 xil jinoyat turini qayd etgan. Ular orasida davolanishdan bosh tortish, o‘zboshimchalik bilan shahar ko‘chalariga chiqib ketish, tibbiyot xodimlarining himoya libosiga zarar yetkazish kabi jinoyat turlari ham mavjud. Bu jinoyatlar uchun Xitoy aholisi ozodlikdan mahrum etishdan tortib, umrbod qamoq jazosiga qadar hukm qilinishi mumkin.

Avstriya
“COVID-19”ga qarshi kurash doirasida federal kansler Sebastian Kurs 16-mart kuni maxsus halokat rejimini e’lon qildi. Fuqarolarga o‘z uyidan faqat uch holatda chiqishga ruxsat berildi: ishga yetib olish, mahsulot sotib olish va kimgadir yordam berish uchun.
Milliy armiya oyoqqa turgan, ko‘chalarni patrul nazorat qilmoqda, ular istalgan kimsani to‘xtatib, hujjatlarini tekshirishi mumkin. Karantin rejimini buzganlik uchun 2 180 yevro miqdorida jarima jazosi qo‘llaniladi.

Ispaniya
O‘tgan hafta mamlakatda 15 kunlik favqulodda holat e’lon qilindi. Shu vaqt ichida aholi karantin qoidalariga qat’i rioya etishi kerak. Qoidalarni buzganlarga 100-600 ming yevro miqdorida jarima jazosi va uch oydan bir yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi.

Isroil
Koronavirus infeksiyasi birdan avj olib ketgani tufayli 19-mart kuni bosh vazir Binyamin Netanyaxu ham favqulodda holat e’lon qildi.
Fuqarolarga ma’lum sababsiz ko‘chaga chiqish taqiqlandi. Rejim qoidalarini buzganlarga esa uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. 

Norvegiya
Hafta boshida mamlakat hukumati uy karantinini buzganlarga 1700 yevro miqdorida jarima solish haqida qaror qabul qildi. Shuningdek, 15 kunlik qamoq jazosi ham ko‘rib chiqilmoqda. 

Polsha
Polshada karantin qoidalarini buzganlarga 1 200 yevro miqdorida jarima jazosi qo‘llaniladi.

Fransiya
Mazkur mamlakatda uydan faqat ishga, dorixonaga va do‘konga chiqish mumkin, xolos. Yana har bir fuqaro o‘zi bilan ko‘chaga chiqish sababini izohlovchi tushuntirish xati olib yurishi kerak. Sababsiz ko‘chaga chiqish 135 yevro, politsiyaga qarshilik ko‘rsatish 30 ming yevro jarima bilan jazolanadi.

Xorvatiya va Chexiya
Xorvatiyada fuqarolar karantin qoidalarini buzishsa, 1100 yevro miqdorida jarima to‘laydi, Chexiyada esa jarima miqdori 1200 yevroni tashkil qiladi.

Janubiy Koreya
Janubiy Koreyada kasallanish holatlari keskin kamaymoqda. Bunga karantin choralarining kuchaytirilgani va chetdan kirib kelgan barcha fuqarolarni 14 kunlik karantinda saqlangani sabab bo‘lgan. Eng muhimi, koreyaliklar bir-birlaridan masofa saqlashgan, doim niqobda yurishgan, qo‘llarini tez-tez yuvib, muloqotdan saqlanishgan. Shunday bo‘lsa-da, karantin qoidalarini buzganlik uchun jazo baribir bor – 3 mln. von. Qonunshunoslar bu jarima miqdorini 10 millionga ko‘tarib, bir yillik qamoq jazosini ham qonunchilikka kiritishmoqchi.

AQSh
AQSh federal qonunlariga ko‘ra esa, karantin qoidalarini buzgan fuqaro 100 ming dollargacha jarima to‘laydi. 

Ishdan bo‘shatish chorasi
Ayrim mamlakatlarda esa karantindan bo‘yin tovlagan fuqaro ishidan judo bo‘ladi. Bunday holatlar sodir bo‘ldi. Masalan, Koreya milliy balet truppasining raqqosi karantinda bo‘lishiga qaramay, Yaponiyaga uchganidan so‘ng ishdan bo‘shatildi.
Xitoy farmatsevtika kompaniyasining xodimi esa shahar atrofida niqobsiz yurgan videosi sabab ish joyidan ayrildi.

O‘zbekiston
Mamlakatimizda sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa, 11 mln. 150 ming so‘mdan 22 mln. 300 ming so‘mgacha miqdorda jarima solish yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 
O‘sha qilmish odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hozirda mazkur jazo choralarini kuchaytirish borasida ish olib borilmoqda.

Ozoda HALIMOVA tayyorladi