Dunyodagi birinchi avtomobilni kim va qachon ixtiro qilgan?

  • 10:46 / 02.09.2019
  • 716

Eng birinchi benzin bilan ishlaydigan avtoulov avstriyalik muhandis Zigfrid Markus tomonidan ishlab chiqilgan. Tajribalar paytida u tasodifan havo bilan benzin bug'lari aralashmasining yonayotganiga guvoh bo‘ldi. Bu esa unda keyinchalik benzindan yoqilg'i sifatida foydalanish g'oyasi tug‘ilishida turtki bo‘ldi. Shu bilan Markus tufayli benzin bilan ishlaydigan dastlabki dvigatel “dunyoga keldi”. 1864-yilda dvigatel oddiy vagonga o'rnatildi va sinovdan o‘tkazildi.

Ammo taqdir doim ham o‘z egasini siylayvermaydi. Ya’ni Markusning ilk dvigatelidan 11 yil o‘tib ixtiro qilingan dastlabki avtomobil sabab — uloq Karl Benz va Gottlib Daymlerlarda ketdi.

Xo‘sh, ilk avtomobil ixtirochilari kimlar edi? 

Rasmiy manbalarga ko'ra, dunyodagi birinchi avtomobilni yaratish Karl Benz, Gottlib Daymlerning qobiliyatli muhandislarining xizmatlaridir. Ammo Daymler benzin bilan ishlaydigan birinchi dvigatel ixtirochisi sifatida tanilgan. Dvigatel 1883-yilda ishlab chiqilgan bo'lib, u ilk o'zi harakatlanadigan ekipajni yaratishga turtki bo'lgandi.

Dastlabki avtomashina qachon yaratilgan? 

Uning yaratilishi 1885-yilda ichki yonish dvigateliga ega birinchi avtomobilni yaratgan Karl Benz bilan bog‘liq. Bir yil o'tgach, u innovatsion ixtiro uchun patent oldi va shu bilan benzinda harakatlanuvchi dvigatelli mashinalarni yaratishga ruxsat oldi. Karl Benz nafaqat avtomashina dizaynini ishlab chiqdi va patent oldi, balki keyinchalik turli modellarni yaratdi va konveyer usulida ishlab chiqarishni ham yo'lga qo'ydi.

Birinchi mashina nima edi?

Karl Benzning ilk avtomashinasining ba’zi elementlari o'sha yillarda mashhur bo'lgan uch g‘ildirakli velosipedga o'xshash edi. Dizayn zanjirli disk, naycha (truba)li “rama”lar va zanjirli uch g'ildirak bilan jihozlangandi. Avtomobil soatiga 13 km tezlikda harakatlana olardi. Ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan Benz 8 yil davomida 69 dan ortiq mashinalarni foydalanuvchilarga yetkazib berdi. 1894-yildan so'ng esa u pnevmatik shinalari bo'lgan ikki silindrli dvigatelga ega to'rt g'ildirakli transport vositalariga e'tibor qaratishni boshladi. O'sha yili taxminan 67 ta mashina sotilgan bo‘lsa, 1900-yilga kelib bu ko'rsatkich o'n barobarga ko'paydi - 603 donaga yetdi.