Dunyodagi eng yirik “Shell” neft-gaz kompaniyasi o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan tajriba almashmoqda

  • 09:33 / 26.02.2020
  • 101

Foto: O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi

Dunyodagi eng yirik “Shell” neft-gaz kompaniyasi O‘zbekiston Energetika vazirligi ko‘magida Toshkentda 25-26-fevral kunlari sohadagi innovatsiyalarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Darvoqe, “Shell” savdo belgisi bilan mashhur bo‘lgan Britaniya-Niderlandiya “Royal Dutch Shell” neft-gaz kompaniyasi 2018-yilda Forbes Global reytingiga ko‘ra dunyodagi eng yirik neft-gaz kompaniyasi deb tan olindi.

Xabarda aytilishicha, seminarning birinchi kunida “Shell” ekspertlari “Monetizatsiya va tabiiy gazga ishlov berish: yangi obyektlar uchun texnologiyalar va dizaynning o‘ziga xosligi”, “Tabiiy gazga ishlov berish: mavjud bloklar uchun texnologiyalar va ekspluatatsiyaviy o‘ziga xoslik” kabi mavzularda taqdimotlar va munozaralar o‘tkazadi.

Ikkinchi kuni “Neftni qayta ishlovchi va kimyoviy katalizatorlar hamda yangi va mavjud qurilmalar uchun texnologiyalar”, “Qazib olish va qayta ishlash obyektlari uchun SO2 chiqarilishini kamaytirish texnologiyalari” va boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi.

“Yoqilg‘i-energetika kompleksida innovatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi xalqaro tajribani o‘rganish uning holati va rivojlanishi O‘zbekiston Energetika vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladigan ushbu sohani keng ko‘lamli isloh qilish doirasida mutaxassislar malakasini oshirishning bir qismi hisoblanadi” deyiladi xabarda.