Dunyoning eng zo‘r bokschilari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi

  • 10:34 / 23.09.2019
  • 483

Foto: O‘zbekiston Milliy Olympia qo'mitasi

9-21-sentyabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahri boks boʻyicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi. 20-bor oʻtkazilgan mazkur musobaqada dunyoning 78 mamlakatidan 400 ga yaqin bokschi ishtirok etdi. 

Unda qatnashgan Oʻzbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medallarini jamgʻarib, mazkur jahon chempionatini umumjamoa hisobida birinchi oʻrinda yakunladi. Bugun delegatsiyamiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Bunday yuksak natija beeʼtibor qoldirilgani yoʻq. Bokschilarimizni kutib olish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisi Achilbay Ramatov ham ishtirok etib, yigitlarimizning jahon chempionatidagi bunday muvaffaqiyatli ishtiroki bilan qutladi va Tokio Olimpiadasida ham shunday zafarli gʻalabalar tilab qoldi.

Marosimda, shuningdek, Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, koʻplab jamoat tashkilotlari, sportchilarimizning yaqinlari va yuzlab boks ishqibozlari qatnashdi. Marosimda bokschilarimiz nomidan Bahodir Jalolov soʻzga chiqdi.

“Yarim tun boʻlishiga qaramasdan bizlarni kutib olishga chiqqaningiz uchun rahmat. Biz Rossiyada barchangizning qoʻllab-quvvatlashingizni, duolaringizni his qilib turdik. Nasib qilsa, kelasi yil Tokio Olimpiadasida ham oʻzbekistonlik bokschilarning nimalarga qodirligini namoyish etib, boks boʻyicha birinchi raqamli terma jamoa ekanimizni koʻrsatib qoʻyamiz”, – dedi Bahodir Jalolov.

Tadbirda Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Rashid Xoliqov oʻz qoʻshiqlari bilan kechaga yanada fayz berdi. Shundan soʻng, bokschilarimiz karnay-surnay navolari ostida kuzatib qoʻyildi.

Eʼtiboringizga mazkur tadbirdan olingan fotosuratlar ham havola qilinadi.