Dunyoning turli mamlakatlarida qanday salomlashishadi?

  • 14:30 / 05.11.2019
  • 459

Sayohat davomida mahalliy aholi bilan xushmuomala bo‘lish kerak, har qanday muloqot esa salomlashishdan boshlanadi. Turli mamlakatlarda qanday salomlashishadi? Keling, tanishib chiqamiz. 

Tibet

Bizda til ko‘rsatish axloqsizlik bo‘lsa, Tibetda haligacha shunday salomlashishadi. Bu qora tilli yovuz qirol Lang Darme tarixi bilan bog‘liq. Qirol o‘lgach, uning ruhi o‘ziga o‘rnashib olmaganini isbotlash uchun odamlar bir-biriga tilini ko‘rsatishni boshlagan. 

Xitoy

Xitoyliklarning an’anaviy salomlashish marosimi “Koutou” deb nomlanadi va uch marta tizza bukish hamda to‘qqiz marta peshonasini yerga tekkizishdan iborat. To‘g‘ri, hozir bunday salomlashish kundalik hayotda deyarli uchramaydi va kaftlarni ustma-ust qo‘yib egilish orqali salom beriladi.

Masai

Ehtimol, eng g‘aroyib salomlashish Masai qabilasiga tegishli bo‘lsa kerak: ular tupuk bilan salomlashishadi, ya’ni kaftini so‘lagi bilan ho‘llaydilar. Ba’zida salomlashayotganda baland sakrashlari ham mumkin. 

Tailand

Tailandda ham Xitoydagi kabi egilib salom berishadi. Ammo bundan oldin kaftlarni birlashtirib boshingiz yoki ko‘ksingizga qo‘yishni unutmang. 

Yaponiya

Zamonaviy Yaponiyada salomlashishning eng keng tarqalgan turi – boshni yengil silkishdir. Ammo alohida hurmat bildirishni xohlasangiz, ta’zim qilishingiz mumkin. 

BAA

Arab mamlakatlarida erkaklar qo‘l siqib salomlashishadi, keyin esa hurmat ma’nosida o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yishadi. Yaqin do‘stlar orasida quchoqlashish va yuzidan o‘pish ham uchraydi.