DXX hududlarda bir necha nafar prokurorni pora bilan ushlanganini ma’lum qildi (video)

  • 10:49 / 21.09.2021
  • 217

DXXning hududiy boshqarmalari tomonidan hududlarda huquq tartibot organlarida korrupsiya hamda firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Jumladan, tezkor tadbirda Jizzax viloyatida tuman prokurori ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanuvchi DUKning mansabdor shaxslari va boshqalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida qurilish firmasi rahbariga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llamaslik va mazkur firmada aniqlangan kamomad miqdorini kamaytirib ko‘rsatish uchun undan 2000 AQSh dollari so‘ragani va shundan 1200 dollarini olgani aniqlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, mas’ul shaxs pulning qolgan – 800 dollarini olgan vaqtda tegishli tartibda ushlangan.

Shuningdek, Samarqand viloyatida ham tuman prokurori o‘rinbosari mahalliy fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan sud tomonidan tayinlangan 3 yil ozodlikni cheklash jazosini boshqa og‘irroq jazo turiga o‘zgartirish uchun protest kiritib, sudning apellyasiya bosqichida hukmni o‘z kuchida qoldirish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qiladi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirda prokuror o‘rinbosarining topshirig‘i bilan uning vositachisi so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi. Prokuror o‘rinbosarining aloqadorligi vositachisi bergan ko‘rsatma asosida o‘tkazilgan tadbirda ashyoviy dalillar bilan isbotlandi.

Bundan tashqari, Namangan viloyatidagi tumanlardan birining Majburiy ijro byurosi rahbari mahalliy fuqaroning Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod davlat universitetidagi o‘qishini Andijon davlat tibbiyot institutiga ko‘chirishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidagi tanishlari orqali yordam berishini aytib, buning evaziga 700 AQSh dollari so‘raydi va muqaddam ushbu puldan 300 AQSh dollari hamda 1 mln. 50 ming so‘m oladi.

U so‘ralgan pulning qolgan qismini berishini talab qilib, 200 AQSh dollari va 1 mln. 50 ming so‘m olgan vaqtida DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasini jalb etgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlandi.

Buxoro viloyatidagi “Qorako‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining katta inspektori xorijiy tadbirkorning Turkmaniston Respublikasi hududidan keladigan yuk vagonlarini bojxona to‘lovlarini kam to‘laydigan deb ko‘rsatib, kunlik omborxona to‘lovlari to‘lanmaydigan holda deklarasiya rasmiylashtirib berish evaziga, undan 800 AQSh dollari talab qiladi.

DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bojxonachi so‘ralgan puldan 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.