DXX narkotik moddalarning noqonuniy savdosini oldini olishga oid qator tadbirlar o‘tkazdi 

  • 11:09 / 31.07.2021
  • 234

DXX narkotik moddalarning noqonuniy savdosini olishga oid qator tadbirlar o‘tkazdi. 

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatining Urgut shahrida yashovchi, 1970-yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs yana qing‘ir yo‘lida davom etdi.

U 1983-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqarodan 787 gr. geroin giyohvand moddasini 12 ming AQSh dollariga sotib olib, uning avtomashinasida tuman markazi tomon harakatlanayotgan vaqtlarida ular DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat IIB va Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Konibodom tumanida yashovchi, 1978-yilda tug‘ilgan shaxs 1 kg. 914 gr. “gashish” moddasini kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga olib o‘tib, Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashovchi hamtavog‘i 1991-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning avtomashinasida Uchko‘prik tumani hududida harakatlanayotgan vaqtlarida ular DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Ta’kidlanishicha, Tojikiston Respublikasi fuqarosi muqaddam qotillikda ayblanib sudlangan bo‘lsa, uning farg‘onalik sherigi esa muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan.  

Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Spitamen tumanida yashovchi 1974-yilda tug‘ilgan fuqaro noma’lum shaxslar tomonidan Toshkent viloyatining Bekobod tumani hududiga o‘tkazilgan va xufyona joyga berkitib qo‘yilgan 963 gr “gashish” moddasini olib, jinoiy sherigi Namangan viloyati Norin tumanida istiqomat qiluvchi 1980-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashinada, Vodiy tomon yo‘lga chiqadi.

Ular Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan “Namangan” YPX maskanida DXX va Bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Namangan viloyatida kuzatilgan yana bir holatda “Zarkent - Namangan” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan “Damas” rusumli avtomashina to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Yangiko‘rg‘on tumanida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsning yonida 420 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida u Qirg‘izistondan olib o‘tgan ushbu ajal og‘usini Namangan shahrida yashovchi 1988-yilda tug‘ilgan shaxsga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, u ham tadbir doirasida ushlandi.

“Namangan – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtomashina esa Pop tumani hududida to‘htatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroga tegishli yumshoq o‘yinchoq ichiga yashirilgan 205 gr. “gashish” moddasi prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv xarakatlari davomida, u Qirg‘iziston Respublikasidan qontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan ushbu narkotik moddani Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, 1987-yilda tug‘ilgan fuqarodan olganligi ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.