Yechim topildi: 1 trillion dona daraxt ekish va global isishni to‘xtatish

  • 10:07 / 14.03.2019
  • 3423

Sanoati rivojlangan mamlakatlarga ularning atmosferaga chiqarayotgan karbonat angidrid gazi miqdorini kamaytirish maqsadida ta'sir ko‘rsatish ko‘p hollarda samarasiz bo‘lgani sababli ekologlar muammoga boshqa tomondan yondashishga qaror qilishdi.

Yaqindan boshlab o‘rmon kengliklari nafaqat atmosferaga kislorod yetkazib berish manbai, balki antropogen SO2 ning ortiqcha ajratilishiga qarshi kurashuvchi kuchli kurash vositasi hisoblana boshlandi. Tabiiyki, tarozi pallasini kerakli tomonga og‘dirish va issiqlik gazi to‘planishining oldini olish uchun daraxtlar juda ko‘p bo‘lishi kerak. Shveytsariyalik olimlar yaqinda o‘tkazilgan konferensiyada buning uchun 4 trillion tup daraxt zarurligini ma'lum qilishdi.

Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, sayyoramizda 3 trillionga yaqin daraxt o‘sadi. Karbonat angidrid gazining sanoatda chiqarilishi esa yiliga 10 gigatonnani tashkil qiladi. Shveytsariyalik ekologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1-1,2 trillion tup daraxt gaz utilizatsiyasi muammosini hal qila oladi. Bunda qo‘shimcha o‘rmon massivlarini tashlandiq va foydalanilmayotgan yerlarga joylashtirish mumkinligi, shuning uchun ham qishloq xo‘jaligi yerlarini qisqartirmaslik qayd etilgan. Albatta ushbu hududlarning bari daraxtlarning ko‘plab turlari uchun to‘g‘ri kelmaydi. Shu tufayli cho‘l zonalari va sanoatga ajratilgan yerlarga daraxtlarning mos keluvchi turlarini sinchkovlik bilan tanlash lozim.

Ekologlarning chaqirig‘iga Avstraliya birinchilardan bo‘lib javob berdi. Bu mamlakat hukumati 30 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi doirasida o‘z hududida 1 milliard tup daraxt o‘tkazish istagini bildirdi. Biroq bu zaruriy miqdorning 1/1000 qismi xolos. Avstraliyada kam foydalaniladigan yerlar borligi hisobga olinsa, u o‘z hududida bundan ham ko‘proq daraxtni joylashtirishi mumkin edi.

Biroq ezgu maqsadlarning bari moliyalashtirishga borib taqaladi. Shu bois tashabbusni amalga oshirish uchun yetarli moddiy mablag‘ va ilmiy-texnik bazaga ega bo‘lgan rivojlangan mamlakatlar birinchi navbatda javob berishlari lozim. Hozirda mavjud bo‘lgan 3 trillion tup daraxt haqida ham unutmaslik joiz. Ekologlar diqqatini mavjud daraxtlarni saqlash va ratsional foydalanishga qaratish kerak. Chunki endigina ekilgan daraxtlar o‘n yillar o‘tgachgina o‘sib, sayyora atmosferasiga katta ta'sir ko‘rsatish salohiyatiga ega bo‘ladi.


Teglar